O‘zgalar dardini o‘z dardi bilib, halovat neligin bilmaydi ular
8 noyabr – Tibbiyot xodimlari kuni
Tungi 2:00. Navbatchi shifokor qo‘ng‘iroq qilib bemorlaridan birining ahvoli og‘irlashganini aytgach, shifoxonaga yetib keldi. Yosh navbatchi shifokorga o‘z maslahatlarini berib, kerakli muolajalarni qilishdi. Bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarganini ko‘rib, uyga qaytganida soat 5:00 ni ko‘rsatardi. Biroz dam olgan bo‘lib, yana ertalabdan ishga, bemorlarining dardiga shifo topishga oshiqdi.
Ha, bugungi sinovli kunlarda shifokorlarimizning mas’uliyati ikki karra oshgani rost. Ular tun-u kun, ba’zan oilasidan bir necha kunlab yiroqda kasalliklar bilan kurashyapti, bemorlar dardiga malham bo‘lyapti. Suhbatdoshimiz 21 yildan buyon Samarqand shahar bolalar shifoxonasida pediatr bo‘lib faoliyat yuritayotgan Muborak Hosilova ham mana shunday fidoyi xodimlardan biri.
- Bolalar kasalliklarini davolash bir muncha mas’uliyatli, - deydi M.Hosilova. – Chunki ular kattalardek qayeri bezovta qilayotganini to‘liq ayta olmaydi. Ularning tilini topish mushkul. Bugungi pandemiya bu mas’uliyatni ikki karra oshirdi. Ming afsuski, COVID-19 bolalarda ham uchramoqda. Farqi - ular kattalarga nisbatan yengil, oddiy shamollashdek o‘tkazyapti. Buni ko‘pchilik olimlar katta yoshdagilar ulg‘aygan sari immun tizimi yangi infeksiyalarga qarshi kurashishi qiyin ekanligi bilan baholashmoqda. Bolalar immun tizimi kattalardan farq qilib, hali shakllanish bosqichida bo‘ladi. Ko‘pincha bog‘cha va maktab yoshidagi bolalarda turli xil nafas yo‘llari infeksiyalariga tez chalinish holati uchraydi. Va ularning qonida viruslarga qarshi antitanachalar darajasi ancha yuqoriligi organizmga kirgan virusni tezroq yenga olishiga sabab bo‘lishi mumkin.
- Koronavirusga chalingan bolalarda qanday alomatlar kuzatiladi?
- Bolalarda kasallik yengil shaklda o‘tkir respirator infeksiya kabi tomoq og‘rig‘i, kam-kam yo‘tal, burun oqishi, aksirish kabi alomatlar bilan kuzatiladi.
Og‘irroq hollarda tana harorati 37,5 -39 darajagacha ko‘tarilishi, behollik, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ich ketish, qusish kabi belgilar namoyon bo‘ladi. Bolada kasallik belgilari uchraganda har qanday holatda shifokorga murojaat qilish kerak. Ba’zan ota-onalar o‘z bilganlaricha bolalarini pala-partish, turli dori-darmonlar bilan davolashga harakat qiladi. Bu bolaning ahvoli og‘irlashishiga olib kelishi mumkin. Shifokorga kech murojaat qilinsa, surunkali kasalliklari bor bolalarda, bu xastalik og‘ir o‘tishi mumkin. Sentyabr oyida 11 yoshli bolaning koronavirus infeksiyasidan vafot etishi barchani, shu jumladan biz shifokorlarni ham sergak torttirdi. Yaqinda qashqadaryolik 11 oylik bemor bola tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, injiqlik, nafas olishining tezlashishi, ichining buzilishi kabi klinik belgilar bilan yotqizildi. To‘g‘risi, bolaning ahvoli og‘ir edi. Yetti kun davomida davolashga harakat qildik. Kerakli mutaxissislar bilan maslahatlashdik. Xudoga shukr, ota-onasining duosi va qo‘llagan muolajalarimiz samara berib, bola sog‘aydi. Bugun oilasi bag‘rida.
- Bolalarda kechayotgan COVID-19 infeksiyasining grippdan farqli jihatlari bormi?
- Albatta, bor. Koronavirusda quruq yo‘tal ko‘p kuzatiladi. Gripp va O‘RIda yo‘tal nam bo‘ladi. COVID-19 virusi hujayra ichiga kirishi uchun o‘z oqsilini inson hujayralaridagi S reseptorlar bilan bog‘laydi, bolalarda esa ushbu reseptorlarning soni va faolligi kam, ya’ni bolalarda virus kirishi uchun nishonlar kam. Olimlarning ta’kidlashicha, saraton kasalligi bilan kasallangan bemor bolalarda ham kasallik kattalarga nisbatan yengilroq o‘tmoqda.
Shu bilan birga hozir har bir bemor bolani epidemiologik anamnez qilamiz, ya’ni oilasidagilar, yaqinlari, qo‘shnilari koronavirus bilan og‘rimaganligi, ommaviy tadbirlarga borgan-bormaganligini surishtirib ham gripp yoki COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni aniqlaymiz.
- Hozir bog‘chalar, maktablar an’anaviy ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tmoqda. Bunda ota-onalar ko‘proq nimalarga e’tibor berishi kerak?
- Olimlarning ta’kidlashicha, koronavirus inson terisi yuzasida 9 soatgacha yashashi mumkin ekan. Mutaxassislar inson terisida yashay oladigan viruslarning qancha muddat saqlanishini bilish maqsadida yuz mingga yaqin turli viruslarni teri yuzasiga surkashdi. Kuzatuvlarga ko‘ra, gripp virusi terida 2 soat xavfli bo‘lib turgan bo‘lsa, koronavirus o‘rtacha 9 soatgacha saqlanib qolgan. Shu bilan birga COVID-19 virusi metall, shisha va plastmassa yuzalarda bir necha kun saqlanishi mumkin. Mutaxassislar yuzalarni etanol bilan tozalaganda 15 soniya ichida nobud bo‘lgani aniqlangan. Shuning uchun qo‘llarni tez-tez yuvish va spirtli antiseptik vositalar bilan tozalab turish lozim. Tibbiy niqoblarning muddatiga ham ahamiyat berish muhim. Niqoblarni muddatidan ortiq ishlatish, yuvib yana bir bor ishlatish mumkin emas. Ovqatlanish ratsioniga ham ahamiyat berish lozim. Profilaktika uchun vitamin D3 berish ham foydali. Onalarimiz bolalarining toza va ozoda yurishiga, yaqin o‘rtoqlari bilan masofa saqlashi kerakligiga e’tiborli bo‘lishlari zarur.
- Shifokorlik zahmatini qachon his qilgansiz?
- Shifoxona oilangizdan ham yaqin bo‘lib qolar ekan. Uyga kelganda ham, ko‘chada yurganda ham doim bemorlarning holati, ulardagi o‘zgarishlar xayolingizni tark etmaydi. Hatto, tunda ham navbatchilarga telefon qilib bemorlarimning holatini so‘rab turaman. Axir sizga farzandining salomatligini ishonib topshirishadi. Bu ishonchga munosib bo‘lish esa zahmatdir.
Nasiba JONTO‘RAYeVA suhbatlashdi.