O‘zini daryoga tashlamoqchi bo‘lgan ikki yoshning hayoti saqlanib qoldi

Joriy yilning 1 fevral kuni soat 15:10 larda Qarshi shahridan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosiga ko‘prikdan o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan yosh qiz qutqarib qolingan. 

Ma’lum bo‘lishicha, qiz 2002 yilda tug‘ilgan S.R. bo‘lib, u oila a’zolari bilan o‘zaro ziddiyat tufayli shu ishga qo‘l urgan. 

O‘quvchi qizning hayoti xizmat vazifasini bajarayotgan harbiy xizmatchilar D.Jakbarov va A.Qurbonovlar tomonidan o‘z vaqtida saqlab qolinib, RShTYoIM Qarshi filialiga yetkazilgan va tibbiy tekshiruv o‘tkazilganda, unda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi. 

Shu kabi holat 3 fevral kuni taxminan soat 14:50 larda ham kuzatilgan: 2000 yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz fuqaro A.X. qo‘lida bo‘lgan shisha sinig‘ini o‘zining bo‘yin va qorin sohalariga sanchib olib, o‘zini daryoga tashlagan. 

Yuz bergan voqeani ko‘rgan obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi Sh.Mirzayeva darhol shu hududda xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari O.Raxmatov va A.Usmonovlarga xabar bergan.

O‘z o‘rnida harbiy xizmatchilar zudlik bilan fuqaro A.X.ni suvdan qutqarib chiqib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgancha, RShTYoIM Qarshi filialiga yetkazgan. Tibbiyot xodimlari tomonidan fuqaro A.X.ga tez- tibbiy yordam ko‘rsatilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Hozirda uning ahvoli qoniqarli darajada. Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.

“Sodir etilgan hodisalarning “qahramonlar”i yoshlar ekani odamning dilini xira qiladi. Hali necha bahorni qarshi oldi-yu, hayotning og‘ir zahmatini o‘z bo‘yniga olgandek, so‘nggi chora sifatida hayotdan ko‘z yumishni afzal ko‘rdi? Yoshlarni nomaqbul yo‘llardan qaytarishda har birimiz ma’lum darajada hissa qo‘shmog‘imiz darkor. Unutmang, o‘z joniga qasd qilish ‒ so‘nggi chora emas”, deyiladi Milliy gvardiya xabarida.