O‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tgan OTMlarda to‘lov-kontrakt miqdori oshirilmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentnining 2020 yil 12 iyundagi “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-4749-sonli qarorida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosda o‘qitish qiymatini belgilash huquqi berilgan edi.

Bunda o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha belgilangan to‘lov-kontrakt miqdori haqidagi ma’lumotlarni bir hafta muddatda ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida e’lon qilishi belgilandi.

Kecha, 19 iyun kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan 10 ta OTM rahbarlari ishtirokida majlis o‘tkazildi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentnining yuqorida qayd etilgan qaroridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash masalasi muhokama qilindi.

Muhokamalar yakunida pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, talaba-yoshlarning tahsil olishi uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2020/2021 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorini oshirmaslikka qaror qilindi.
Bir yillik shartnoma qiymati mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanishini inobatga olib, ushbu miqdor o‘zgarganda masalani qayta ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrdagi 967-sonli qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan 10 ta OTM tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan.