Oziq-ovqat xavfsizligi: Nega imkoniyatimizdan to‘g‘ri foydalana olmayapmiz?

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini saqlash, eksport hajmini ko‘paytirish va umuman olganda, yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi ko‘p jihatdan qishloq xo‘jaligi sohasining samarali faoliyatiga bog‘liq.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizga yiliga 1,5 milliard dollarlik oziq-ovqat import qilinadi va uning tarkibida o‘zimizda yetishtirilishi mumkin bo‘lgan 25 xildagi mahsulot mavjud. Bundan ko‘rinadiki, aholi daromadlarining aksariyati ovqatlanishga sarflanadi, bu boshqa soha va tarmoqlar rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Endilikda qishloq xo‘jaligi vaziri va hokimlarga kelgusi yilning 1 may holatiga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining dinamikasiga qarab xulosa qilish topshirig‘i berilgan. Xo‘sh, bu borada Samarqand viloyatida ahvol qanday, eng dolzarb vazifalar nimalardan iborat? Unda ilmiy yondashuvning o‘rni qanaqa?

Fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi sug‘oriladigan ekin maydonlari 246,1 ming gektardan iborat bo‘lib, joriy yilda shundan 72 ming gektarida paxta, 105 ming gektarida g‘alla, 23,5 ming gektarida sabzavot, 17,2 ming gektarida kartoshka va qolgan maydonlarda poliz, moyli va ozuqabop ekinlar ekilgan. Viloyat aholisi har yili taxminan 70-75 ming kishiga ko‘payib, bugungi kunda 4 million kishidan ko‘proqni tashkil etmoqda. Bu raqamlar aholining ratsional ovqatlanishini ta’minlash uchun muhim.

Bug‘doy xarid narxi ko‘tarilishining salbiy oqibatlarining oldini olish uchun kartoshkani aholiga imkon qadar arzon narxlarda yetkazib berish maqsadida uning ekin maydonlari ikki marotaba ko‘paytirilgani ijobiy natija bermoqda. Bundan tashqari, sabzavotchilik ham qishloq xo‘jalik mahsulotlari tarkibida salmoqli o‘rinni egallaydi.

Dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham eng ko‘p iste’mol qilinadigan sabzavot pomidor hisoblanadi (taxminan 20-25 foiz). Konserva sanoatida undan foydalanib tomat pastasi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab yuqori.  Xo‘sh, shuncha imkoniyat bo‘la turib, nima sababdan biz undan samarali foydalana olmayapmiz?

Pomidor yetishtirishdagi asosiy muammo - uning hosildorligi yildan yilga pasayib borishi. Bu esa tayyor mahsulot tannarxining keskin o‘sib ketishi, natijada sanoat korxonalarining past rentabellik bilan ishlashi va eng achinarlisi, xalqaro bozorlarda raqobatga dosh bera olmasligidir. Keyingi yillarda o‘rtacha hosildorlik gektariga 30 tonnagacha pasaydi. Vaholanki, shu paytgacha viloyatimizning ilg‘or xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich gektariga 70-80 tonnani tashkil etardi. Afsuski, fermer xo‘jaliklaridan ko‘ra kengroq imkoniyatlarga ega sabzavotchilik klasterlarida ham bu borada yaxshi natijalarga erishilmayapti.

Gap shundaki, ilgari ko‘chatlar faqat mahalliy urug‘lardan tayyorlangan, shu boisdan  dehqonlarimiz uning injiqliklarini yaxshi o‘zlashtirgan. Keyingi  yillarda pomidorning aksariyati, ayniqsa bozorga chiqariladigan va qayta ishlashga mo‘ljallangan qismi Niderlandiya, Xitoy, Turkiya va boshqa davlatlardan import qilinadigan urug‘lar yordamida yetishtiriladi. Mantiqan kelib chiqadiki, muammo, kasalliklar, parvarishlashning nozik tomonlari ham shunga mos tarzda shakllanadi. Ko‘chatchilik bilan bog‘liq muammo yoki qiyinchiliklar mos tarzda karam, gulkaram, bulg‘or qalampiriga ham taalluqli va ular bir-biriga mos tarzda yechilishi mumkin.

Sabzavotning 70 foizi tomorqada yetishtirilishini inobatga olsak, sohadagi holat qay darajada chigal ekani, mavjud muammolarni ilm-fan yutuqlariga tayanmasdan yechib bo‘lmasligi tushuniladi. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun viloyatimizdagi 26,2 ming, asosan ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turadigan oilalarga joriy yilda 5,8 ming gektar yer maydoni ajratilib, dehqon xo‘jaliklari tashkil etildi. Shunday ekan, natijadorlik ham shunga mos bo‘lishi, ya’ni yuqori daromadni ta’minlay oladigan chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim. Bu borada marketing fanining roli beqiyos. Agar ekinlarni joylashtirishda ushbu fan imkoniyatlaridan foydalanilmasa, mahsulotning narxlarida chuqur (kuchli) tebranishlar vujudga kelishi, bu esa ko‘zda tutilgan natijalarni ta’minlay olmasligi mumkin.

Birinchi navbatda gap hisob-kitoblarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va ushbu maqsadlarda axborot texnologiyalaridan foydalanib, sohani raqamlashtirish to‘g‘risida bormoqda. Bu vazifa o‘z yechimini topgandan keyingina moddiy-texnik va suv ta’minotini, yetishtirilgan mahsulotni ichki bozorga chiqarish yoki eksport qilish samaradorligini ilm-fanga tayangan holda takomillashtirish borasida bosh qotirish mumkin.

Hozircha sohada ilmiy yondashuvdan darak yo‘qligini isbotlovchi bir misol keltiraman. Toyloq tumanida respublika sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutining tajriba stansiyasi mavjud va unga urug‘chilik bilan shug‘ullanish uchun 80 gektar unumdor va suvli yer ajratilgan. Ammo, bu muassasaning faoliyati e’tibordan chetda qolgan. Soliq inspeksiyasiga topshirilgan hisobotlardan aniqlanadiki, mavjud ekin maydonlaridan, jumladan, 10 gektarga yaqin yuqori hosildorlikka ega tokzor va bog‘lardan yiliga ko‘pi bilan 5 million so‘mlik foyda olinadi. Omborda 300 million so‘mlik poliz-sabzavot ekinlari urug‘i xaridorini topa olmasdan to‘planib qolgan. Nafaqat viloyat, balki muassasa joylashgan tumandagi biron bir fermer xo‘jaligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Afsuski, institut rahbariyati  samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish, yuqori rentabellik bilan ishlashni talab qilish o‘rniga, yangi yildan boshlab mavjud bo‘lmagan laboratoriyalar mudirlari, rahbar olimlarni rag‘batlantirish uchun davlat byudjetidan oyiga 33 million so‘mlik ish haqi fondi ajratgan. Shu bilan birga institut rahbarlarini  o‘ttizdan ortiq ishchilar deyarli ish haqi olmasdan ishlayotgani, ularning mehnat stajiga ega bo‘lishi, pensiyaga chiqish imkoniyatlari qiziqtirmasligini tushunish qiyin, albatta. Taklifim shundan iboratki, ushbu muassasa faoliyatini mavjud qonunchilik doirasida nazoratga olish, uning yuqori tashkilotiga to‘plangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish talabini qo‘yish maqsadga muvofiqdir.

Ilhom Vafoyev,  

iqtisodchi.