Ozodlik haykali haqida nimalarni bilasiz?
AQShning Nyu-York shahridagi Ozodlik ramzi bo‘lgan haykalni kim yasagani va qachon o‘rnatilganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Ozodlik haykali Nyu-Yorkda 1886 yil 26 oktyabrda o‘rnatilgan, 28 oktyabr kuni esa uning ochilish marosimi bo‘lgan.
Uni Fransiya va AQSh do‘stligi ramzi sifatida fransuz haykaltaroshi Fredrik Ogyust Bartoldi yaratgan. Haykal Nyu-Yorkka chetdan oqib kelayotgan son-sanoqsiz muhojirlar uchun tashrif qog‘ozini ham anglatgan. Ozodlik haykalining yaratish g‘oyasi 1865 yilda Fransiya Respublikasini Amerika qit’asida tanitishni orzu qilgan bir guruh fransuzlar tomonidan tug‘ilgan.
Ozodlik haykali orqali fransuzlar Atlantika okeani ortidagi buyuk respublikadan, ya’ni Amerikadan faxrlanishlarini bildirishni istashgan. Loyihani bajarishni yosh haykaltarosh Fredrik Ogyust Bartoldi o‘z zimmasiga oladi. Ozodlik haykali mustaqillik uchun kurashga otlangan xalqning orzu-umidlarini ifodalagan edi.
Darvoqe, haykalning bo‘yi 93 metr, og‘irligi 205 tonna (tag qismisiz 178 tonna) bo‘lib, haykalda aks etgan "mash’ala ko‘tarib turgan ozod ayol" ko‘rsatkich barmog‘ining uzunligi 2,4 metr, mash’ala esa 8,8 metrdan iborat.
Amitisning osma bog‘lari
Dunyoning inson qo‘li bilan yaratilgan yetti mo‘’jizasi haqida eramizning IV asrida Filen Vizontiyskiy birinchi bo‘lib yozgan, ulardan biri Bobildagi osma bog‘ edi.
Bobil podshosi Navuxodonosor Midiya (Eron)dan uylangan malika yosh Amitisni juda sevardi. Amitis o‘z go‘zal yurtini sog‘inardi. Shunda podsho unga Midiyani eslatib turuvchi ajoyib bog‘ yaratishga farmon beradi. Bobilda aylana pillapoyalar qurilib, unda ajoyib gullar, o‘simliklar yashnab turar, atrof qoyali tog‘larni eslatardi. Gullar va daraxtlar qurib qolmasligi uchun yuzlab qullar tinimsiz ularni sug‘orib turishardi. Keyinchalik bog‘lar «muallifligi» Bobil malikasi Semiramida nomiga o‘tdi. U Novuxondonsorgacha hukmronlik qilgandi.
Mo‘’jiza osma bog‘lar keyinchalik suv toshqinida vayron bo‘ldi, ammo tanazzulga yuz tutgan imperiyada uni tiklaydigan kishi topilmadi.
T.Shomurodov tayyorladi.