“O‘zstandart”ning sobiq xodimi tadbirkorlarni aldagani uchun firibgarlikda ayblandi

2019 yil 11 mayidan 18 oktyabriga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida “O‘zstandart” agentligi respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasining sobiq xodimi Yo.T., o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Chirchiq shahridagi xususiy tadbirkor 32 yoshli S.R. va MChJ menedjeri 25 yoshli D.K.,larni aldab, ularga o‘zini go‘yoki hali ham “O‘zstandart” agentligida ishlayotgandek ko‘rsatib, chet eldan O‘zbekiston ichki bozorida savdoga chiqarish uchun olib kelingan mahsulotlarga tegishli ruxsat beruvchi “Muvofiqlik-sertifikat”larini hamda “Sanitariya-epidemiologiya markazi”ning xulosalarini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz qisqa muddatlarda rasmiylashtirib berishini va’da qilib, o‘zining uyida “Toshiba” rusumli noutbuk elektron xotirasida mavjud bo‘lgan Agentlikning sertifikat namunalarini “Paint” dasturi yordamida o‘zgartirish yo‘li bilan qalbakilashtirib, bu soxtalashtirilgan ruxsat blankalarini D.Q. va S.R., larga jami 32.700.000 so‘m evaziga sotib, pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yo.T., JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi va 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishliligi bo‘yicha sudga yuborilgan.