Pandemiya bilan kurashish ulkan mas’uliyat, qat’iy intizom va sabr-toqatni talab qiladi
Koronavirus pandemiyasi fuqarolarimiz sog‘lig‘iga xavf solish bilan birga davlatimiz boshqaruvi samaradorligini, mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligini hamda jamiyatimiz yetukligi darajasini jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan bunday murakkab vaziyatda, barcha yo‘nalishda ishlar o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil qilinmoqda, koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashish masalasiga kompleks tarzda yondashilmoqda.
Jumladan, shu yil 3 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonning qabul qilinishi ham pandemiya bilan kurashish borasida muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur farmon bilan iqtisodiyotimizni barqaror ishlashini ta’minlash, ushbu qiyin vaziyatda tadbirkorlar, hunarmand, fermerlar va korxonalarni faol qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli aniq choralar belgilandi. Xo‘sh, bular nimalarda aks etmoqda?
Avvalo, tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida ularga soliqdan qator imtiyozlar, ijara to‘lovlari va bank kreditlarini to‘lashda katta yengilliklar berilmoqda. Shubhasiz, ushbu choralar iqtisodiyotimizni barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, farmonda aholini, ayniqsa, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar belgilandi. Jumladan, shu yil yakuniga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy iste’mol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmasligi belgilandi. Ushbu choralar, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’mol tovarlarining narxlarini oshib ketmasligiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmasdan, 6 oydan 1 yilgacha uzaytirildi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi. Bu davlatning fuqarolariga g‘amxo‘rligining yaqqol namunasi. Ta’kidlash lozimki, ushbu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam ta’minlangan oilalar qamrab olinib, ularning soni 720 mingdan oshadi.
To‘rtinchidan, karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib berish vazifalari belgilab berildi.
Bugungi murakkab sharoitimizda, ijtimoiy himoyaning eng maqbul yo‘li bu - aholining bandligini ta’minlashdan iborat. Ayniqsa, karantin munosabati bilan iqtisodiy faollik pasaygan paytda aholi bandligi masalasi alohida e’tibor talab etadi. Shu bois farmonda karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan hunarmandlar uchun 50 million dollar mablag‘ ajratilmoqda. Ushbu mablag‘lar, albatta, hunarmandlarga o‘z faoliyatini samarali tashkil qilish, kengaytirish va yangi shogirdlar tayyorlash uchun katta imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda pandemiya bilan kurashish, mamlakatimizda tibbiy choralarni ko‘rish bilan bir qatorda, jamiyatimizning barcha a’zolaridan ulkan mas’uliyatni, qat’iy intizomni va sabr-toqatni talab etmoqda. Demak, tadbirkor ham, hunarmand ham, oddiy fuqaro ham yaratilgan imkoniyatni imtiyoz deb emas, mas’uliyat deb qabul qilsa va shu maqsad-muddao bilan harakat va mehnat qilsa, pandemiya keltiradigan iqtisodiy zararlarni yumshatishga erishamiz.
Ulug‘bek Vafoyev,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi.