Pandemiya davrida bog‘chalarga qo‘yiladigan sanitariya talablari belgilandi

“COVID-19 pandemiyasi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablar” Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi va hisobga olindi.

 Mazkur hujjat COVID-19 infeksiyasi tarqalish xavfi bilan bog‘liq sanitariya-epidemiologik vaziyatda, turi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT)ning ish faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.

Hujjatga ko‘ra, MTTga bolalarni qabul qilish vaqtida quyidagi asosiy qoidalarga rioya etish muhim hisoblanadi:

- tarbiyalanuvchini olib keluvchi va olib ketuvchi shaxs va tarbiyalanuvchilar MTTga tibbiy niqob tartibiga rioya etgan holda boradi;

- tarbiyalanuvchining olib keluvchi va olib ketuvchi shaxslarga MTT hududiga kirishi taqiqlanadi;

- tarbiyalanuvchini MTTning mas’ul xodimi qabul qilib oladi hamda tibbiy xodim tomonidan “ertalabki filtr” o‘tkaziladi va ko‘rsatkichlar maxsus jurnalga qayd qilinadi;

-tarbiyalanuvchi “ertalabki filtr”dan o‘tgandan keyin guruhga kirishdan oldin tibbiy niqobni yechadi, kiyim va poyafzalini almashtiradi, so‘ngra MTT xodimi nazorati ostida 20 soniyadan kam bo‘lmagan muddatda qo‘llarini sovun bilan yaxshilab yuvadi;

MTTda tarbiyalanuvchilarning tana harorati kamida 2 marta (MTTga kelganda va uyga qaytishdan oldin) va ehtiyoj bo‘lganda o‘lchanadi.

Shuningdek, hujjatda tarbiyalanuvchilarni xavfsiz ta’lim olishi va tarbiyalanishini tashkil etish chora-tadbirlari ham belgilangan.

Jumladan, o‘yinlarni o‘tkazishda tarbiyalanuvchilar guruhi o‘zaro munosabatlarni cheklash orqali 2-3 boladan iborat kichik guruhlarga bo‘linadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning tegishli Farmoniga (https://www.lex.uz/docs/4820060) ko‘ra, texnik hujjatlar joriy yilning 1 iyulidan e’tiboran Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda ijobiy xulosa olingandan so‘ng hisobga olinadi va kuchga kiradi.