Pandemiyadan Rim imperiyasi halok bo‘lgandi
Agar koronavirus uzoqqa cho‘zilsa, Yevropa Ittifoqi buzilib ketishi mumkin. Qator g‘arb mamlakatlari ekspertlarining tusmoli shunday. “Mir novostey” (2020 y, 22-son) haftanomasining yozishicha, insoniyat tarixida shunday mojaro bo‘lgan ekan.
Eramizning II asrida hali koronavirus bo‘lmagan, ammo juda ko‘p boshqa yuqumli kasalliklar yuzaga kelgan. Ulardan eng xatarlisi Hindiston va Xitoy hududlaridan kelgan tabiiy chechak bo‘lgan. Rimliklar uchun bu yangi kasallik bo‘lib, unga qarshi mutlaqo kurasha olishmagan, hech kimda immunitet ham bo‘lmagan. Oqibatda aholining uchdan bir qismi –besh million kishi o‘lgan. Ammo Rim imperiyasini ushbu dahshatli kasallik emas, imperator va hokimiyatni qamrab olgan tanglik, boshbodoqlik, aholining sarosimaga tushishi halok qilgan. Natijada jahonning iqtisodiyoti eng gullab-yashnagan qudratli imperiyasi parokanda bo‘lgan.
Rim imperiyasining taraqqiyoti tarixda yuksak harbiy va madaniy sivilizatsiya –oltin asr deb atalgan. U taxminan eramizning II asridan imperatorlar Troya va Adrian hukmdorligining oxirigacha cho‘zilgan.
Tarixiy ma’lumot: chechak epidemiyasi eng yaxshi ikki rim imperatori –Lutsiya Vera (169 yilda vafot etgan) va uning izdoshi Mark Avreliya (180 yilda vafot etgan) umrlariga zomin bo‘lgan.
Rim tarixchisi Dion Kassiy yozishicha, 185 yilda o‘tib ketgan kasallik o‘n yildan keyin yana qaytgan va kuniga ikki ming nafargacha rimliklarning yostig‘ini quritgan. Nafaqat aholi, balki Rim armiyasi ham urushdagidan battar talofat ko‘rgan. Epidemiya Rim imperiyasining iqtisodiy va siyosiy hayotiga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazgan. Epidemiyaga mahkum bo‘lgan aholi ochlik va qashshoqlikdan mahalliy boy yer egalarini talaganlar, imperiya yerlarida hokimiyatsizlik boshlangan, imperatorlarning atrofidagi gumashtalar hokimiyatni qo‘lga olish payiga tushishgan. Natijada Mark Avreliya hukmdorligi paytidagi merosxo‘r, imperator Kommod davrida qonli fuqarolar urushi boshlangan va epidemiya bilan bir qatorda minglab odamlarga qiron keltirgan.
Mamlakat uzil-kesil boshi berk ko‘chaga kirgan. III asr davomida rimliklar imperatorlarni xuddi qo‘lqopdek almashtirishgan. Bu esa imperiyaning parchalanib, uzil-kesil qulashiga olib kelgan.
Rim imperiyasi halokati haqidagi rasmiy taxminda aytilishicha, insoniyat tarixidagi eng ulug‘vor imperiya iqtisodiy muammolar tufayli tanazzulga yuz tutgan. Xatarli epidemiya huruji paytida hokimiyatning mamlakatni boshqarishdagi uquvsizligi oqibatida imperiyada parokandalik boshlangan.
Tabiiy chechak –uni qora chechak ham deyishadi, kelib chiqishi o‘ta yuqumli bo‘lgan xavfli virusli kasalikdir. Havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Og‘ir zaharlanish bilan namoyon bo‘ladi. Terida quyuq suv chechak paydo bo‘ladi, o‘rnida chuqur cho‘tirlar qoladi. Birinchi tabiiy chechak Sharq mamlakatlari –Xitoy, Koreya, Yaponiya bo‘ylab tarqalgan. Uning eramizdan uch ming yil oldin Xitoyda paydo bo‘lgani haqida ma’lumot saqlanib qolgan.
T.Shomurodov tayyorladi.