Past Darg‘om tumani: Aholi ichimlik suv bilan qachon to‘liq ta’minlanadi?
Shu savol hamda tumanda istiqomat qilayotgan 353 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlashning bugungi ahvoli, shu maqsadda qanday ishlar qilingani, qishloqlarga ichimlik suv tarmog‘i tortish, suv minoralarini qurish, ularni rekonstruksiya qilish bo‘yicha qanday tadbirlar amalga oshirilayotganini bilish uchun Past Darg‘omda bo‘ldik.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda mavjud aholining 245 ming 600 nafari ichimlik suv bilan ta’minlangan. Ammo 42,6 ming yoki 12,8 foiz aholi «pishma kranlar», 30,3 ming nafar yoki aholining 9,1 foizi buloq va quduqlar, 5,7 ming aholi shaxsiy skvajinalaridan foydalangan holda suv ichadi.
Aholini suvga muhtoj qilishga haqqimiz yo‘q
- Bugungi kunda tumandagi 65 ming 396 xonadonning 47 ming 739 tasi yoki 73 foizi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, - deydi tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev. - Ayni paytda Prezidentimiz qaroriga muvofiq, 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash tizimini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha ishlar bajarilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Beklar, Oltiqahramon mahallalari hamda Paxtakor mahallasidagi Mustaqillik, Qo‘shquduq mahallasidagi Zarbdor qishloqlarida to‘rtta yangi suv inshooti qurildi va 5 kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmog‘i tortildi. Shuningdek, tuman markazi va olis qishloqlardagi suv inshootlari rekonstruksiya qilindi, yaroqsiz holga kelib qolgan tarmoqlar almashtirildi.
Bu yil esa Zangiboyi, Tosqo‘lton, Turkman, Gulakandoz, Ravot mahallalari, shuningdek, “Madaniy yurish” mahallasidagi Pichoqchi, Bog‘ishamol mahallasidagi Ittifoq qishloqlarida 4,2 kilometr masofaga yangi ichimlik tarmog‘i tortilmoqda. Buning natijasida yil yakuni bilan tuman bo‘yicha yana 678 xonadon yoki 3,5 mingdan ziyod aholi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanadi.
Biroq markaziy tarmoqning ishga tushirilishi hammaning ko‘chasiga, uyiga suv kirib boradi, degani emas. Hali suv tarmog‘i tortilmagan hududlardan tashqari, bundan ellik yil avval yotqizilgan quvurlar yaroqsiz holga kelgan qishloqlar ko‘p. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, tumanimizdagi 107 mahallada 298 ta suv inshooti mavjud bo‘lib, shundan 47 mahalladagi mavjud suv inshootlari yaroqsiz holga kelib qolgan. 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan dastur asosida hududlarda ichimlik suvi ta’minoti va suv tarmoqlarini qurish, ta’mirlash bo‘yicha respublika byudjet mablag‘lari hisobidan 47 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 47 ta yangi suv inshooti quriladi, 23 tasi rekonstruksiya qilinadi, 70 kilometrga yaqin ichimlik suv tarmog‘i tortiladi. Shunda 2023 yil yakuni bilan aholining 94 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanadi.
Albatta, aholini suvga muhtoj qilishga aslo haqqimiz yo‘q. Shuning uchun bu muammolarni hal etishda o‘z imkoniyatlarimizni ham ishga solamiz. Ya’ni, mahalliy byudjet mablag‘lari evaziga ichimlik suv yetishmovchiligi jiddiy muammo bo‘lgan qishloqlarga yangi suv inshootlari quramiz, borlarini rekonstruksiya qilamiz.
Qo‘shquduqda endi suv bor, sohilobodliklar hamon suvga zor
Tumandagi Qo‘shquduq mahallasida 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallaning Zarbdor qishlog‘ida yashovchi 2 ming aholi shu paytgacha suvni uzoq masofadan tashib kelib iste’mol qilardi. O‘tgan yili bu yerga ikkita yangi suv inshooti qurildi va 2,5 kilometrga suv quvuri yotqizildi. Bugun aholining toza ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyoji qondirilgan.
Ammo tumanning Qorasuv mahallasidagi Sohilobod qishlog‘i aholisi ko‘p yildan buyon suvni olisdan tashib ichadi.
- Qishlog‘imiz markazida bitta artezian qudug‘i bor, - deydi shu yerlik Boliqul Hamroyev. - Ancha eskirgan bu suv inshooti birda ishlab-birda ishlamay qoladi. Aksiga olib, bugungiday sovuq kunlar bo‘lganda elektr energiyasi o‘chadi. Shunda suvni 1-1,5 kilometr olisdagi Qorasuv qishlog‘ida chiqadigan artezian qudug‘idan tashib kelishimizga to‘g‘ri keladi. Hovlimiz-ku, mayli, ko‘chamiz boshiga bitta bo‘lsa-da suv tarmog‘i bo‘lishini uzoq yildan buyon orzu qilamiz...
Pichoqchiga suv keldi
“Madaniy yurish” - Past Darg‘omning Oqdaryo va Samarqand tumanlari qishloqlari bilan tutash mahallasi. Uning tarkibidagi Pichoqchi qishlog‘i hamda 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi shu paytgacha markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanmagan edi. Joriy yilgi dasturga asosan ayni kunda bu yerda suv inshooti ta’mirlanib, suv quvurlari yotqizilayotgan ekan. Biz ish jarayonlari bilan tanishdik.
– Tasdiqlangan loyiha ijrosiga ko‘ra, Pichoqchi qishlog‘iga 1,1 ming kilometrlik ichimlik suv tarmog‘i tortilmoqda, – deydi “Samarqand suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Past Darg‘om tumani filiali rahbari Rahim Odirov. – Buning natijasida 30-maktab va qishloqdagi 40 dan ziyod xonadon aholisi suv bilan ta’minlanadi. Hademay qo‘shni Yerteshar qishlog‘i aholisi ham toza suvdan bahramand bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, bu qishloqdagi ikkita ko‘chaga suv tarmog‘i tortiladi.
Biz shu yerda filial rahbaridan tumanda suvdan oqilona foydalanish, suv iste’molini hisobga olish uchun suv o‘lchagich asboblari o‘rnatilish ahvoli haqida ham so‘radik.
Yashirmayman, tumanda foydalanilgan suv uchun to‘lov va suvni tejashga e’tibor talab darajasida emas, - deydi R.Odirov. – Ya’ni, tuman bo‘yicha abonentlar 17 ming 470 tani tashkil etgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati xonadonida suv hisoblagich yo‘q. Aniqrog‘i, shu yil 1 noyabr holatiga ko‘ra 7 ming 340 xonadonga suv o‘lchagichlar o‘rnatilgan. Bu jami mijozning 42 foizini tashkil qiladi. Biz aholining suvni tejashga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga va xonadonlarga suv o‘lchagichlar o‘rnatishga alohida e’tibor qaratganmiz. Bu asta-sekin o‘z samarasini ko‘rsatadi. Ammo ayni kunda to‘lovlar vaqtida amalga oshirilmayotgani bois tumanning barcha hududlarida uchraydigan ichimlik suv ta’minotidagi muammolarni hal etish uchun kuch va imkoniyatimiz yetarli emas. Shu bilan birga tumandagi mavjud suv tarmoqlari eskirgan, olis hududlarga suv quvurlari tortilmagan, qolaversa aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash borasida rejashtirilgan ishlarimiz ko‘p mablag‘ talab qiladi.
Akram HAYDAROV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).