Past Darg‘om tumani “sariq”dan “yashil” toifadagi hududga qanday o‘tadi?

Joriy yilda ilk marta hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting baholash tizimi asosida tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o‘rganilib, “yaxshi’, “o‘rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi.
Reyting natijalariga ko‘ra, Past Darg‘om tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati “o‘rta” deb topilgan. Ya’ni, tuman 2019 yil yakunlari bo‘yicha 15,62 ball bilan baholanib, viloyatda 8-o‘rinni, respublikada 54-o‘rinni egallagan.
Xususan, o‘tgan yilda tumanning eksport hajmi (13,9 million dollar) aholi jon boshiga 40 dollardan to‘g‘ri kelgan. Mazkur yo‘nalishda viloyat miqyosida 11-o‘rinni egallagan. Shuningdek, kichik (biznes) tadbirkorlik sub’yektlarida mahsulot (xizmat)lar hajmi 0,20 ball (maksimal 1,25 ball) bilan baholangan.
Ayrim ko‘rsatkichlar o‘tgan yillarga nisbatan birmuncha yaxshilanganiga qaramay, Past Darg‘om tumani viloyatning boshqa hududlariga nisbatan orqada ekanligi oydinlashmoqda. Misol uchun, tadbirkorlik sub’yektlarining yashovchanligi hisoblanganda 2143 tadbirkorlik sub’yektining 1001 tasi yoki 47 foizi 3 yildan ortiq davr mobaynida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangan. Bu ko‘rsatkich bilan tuman viloyatda 5-o‘rinni egallagan.
- Albatta, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarda ham ijobiy natijalar bor, - deydi tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Umid Nazarov. - Jumladan, 2019 yilda mol-mulk va yer soliqlari tushumining o‘zgarishi 2016 yilning tushum rejasiga nisbatan 239 foizga o‘sib, viloyatda 2-o‘rinda qayd etilgan. Ya’ni, o‘tgan yilda hisoblangan 261,836 milliard so‘mlik soliq to‘lovlarining 259,024 milliard so‘mi yoki 99 foizi undirilgan.
Joriy yilda tumaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun boshqa ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Misol uchun, 22 ta asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yil yakuni bilan barcha manbalar hisobidan amalga oshirish, statistikada aks ettirilishini ta’minlash, bankdan tashqari pul aylanmalarini kamaytirish choralarini ko‘rish uchun muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tashkil etildi. Har bir yo‘nalishga mutasaddi rahbarlar biriktirildi.
Shu bilan birga tumanda joriy yilda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda yanada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga muvofiq, qiymati 750,4 milliard so‘mlik 42 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 1028 ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida tuman mahalliy byudjetiga yanvar-sentyabr oylari uchun 53,7 milliard so‘m prognoz tushum rejasi belgilangan bo‘lib, amalda bu ko‘rsatkich 60,8 milliard so‘mga yoki 113 foizga bajarilgan.
Bundan tashqari, bandlikni ta’minlash orqali aholining doimiy daromad manbaini shaklantirish orqali yanvar-sentyabr oylarida 5 ming 495 nafar norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolarni legallashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, haqiqatda norasmiy faoliyat yuritib kelayotgan 5 ming 596 nafar fuqarolar rasmiylashtirildi. Ya’ni, belgilangan reja 101,8 foizga bajarildi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida aholida tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali 529 ta yangi korxona tashkil etish rejalashtirilgan edi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida amalda 536 ta yangi korxona tashkil etildi. Yil boshidan buyon 640 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tdi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 250 ta o‘rniga 260 ta yer maydoni bo‘yicha loyihalar tayyorlanib, “YER-ELEKTRON” tizimi orqali sotildi.
Aholining bozorda talab bo‘lgan kasb-hunar ko‘nikmalarini egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha rejadagi 208 o‘ringa 217 nafar fuqarolar kasbga o‘qitildi.
Mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lmagan aholining bandligini ta’minlash maqsadida 990 nafar fuqaroni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish rejalashtirilgandi. Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 3896 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar ushbu ishlarga jalb qilindi. Shuningdek, 67 faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari bo‘yicha 4967 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilishiga erishildi.
Kambag‘al oilalar sonini qisqartirish bo‘yicha ishchi guruh va sektor a’zolari bilan birgalikda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida uyma-uy yurib, muhtoj va ehtiyojmand oilalar o‘rganilganda, 4596 ta kambag‘al oila aniqlangan. Bugungi kunda qayta o‘tkazilgan monitoring natijasiga ko‘ra, 771 ta oila doimiy daromad manbaiga ega, moddiy jihatdan barqaror ekanligi, tomorqasidan samarali foydalanayotganligi aniqlanib, kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarilgan.
Tumanda “o‘rta” darajadan yaxshi darajaga o‘tishi uchun zarur ishlar amalga oshirilmoqda. Muhimi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida tuman ko‘rsatkichlari boshqa hududlarga nisbatan yaxshilanib bormoqda.
Misol uchun, mahalliy byudjetning daromadlarini orttirib bajarish bo‘yicha Past Darg‘om tumani viloyatda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. Joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, tuman byudjeti qariyb 7 milliard so‘mga orttirib bajarilishi ko‘zda tutilmoqda. Yil yakuniga qadar bu mablag‘ “yashil” hudud – Samarqand shahridagidan 3 milliard so‘m ko‘proq, 10 milliard 779 million so‘m bo‘lishi kutilyapti. Demak, katta o‘zgarishlar, ijobiy yangiliklar qilish uchun yetarli imkoniyat paydo bo‘ladi.
Yoqubjon Marqayev.