Past Darg‘om tumanida bosqinchilik qilgan shaxslar qo‘lga olindi

2019 yil 17 fevral kuni Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida yashovchi A.Q. “Spark” rusumli avtomashinasida O‘tarchi mahallasi hududida ketayotganda 5 nafar noma’lum shaxslar tomonidan to‘xtatilib, tanasining turli joylariga jarohat yetkazilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Bosqinchilar uni ovloq joyga olib borib, avtomashina salonidan 5 000 AQSh dollari va sariq metalldan yasalgan uzugini olib voqea joyidan yashiringanlar.

Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Past Darg‘om tumani O‘tarchi mahallasida yashovchi I.U., Z.N. J.X., A.J. va S.S.lar sodir etganliklari aniqlanib, qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.