Past Darg‘om va Payariqda noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Keyingi paytda noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etilib, bu ishga qo‘l urganlar belgilangan tartibda jazolanayotgan bo‘lsa-da ayrimlar bundan xulosa chiqarmayapti.

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ikkita ana shunday holat qayd etildi.

Aniqlanishicha, Past Darg‘om tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan O.J. o‘ziga foydalanish uchun topshirilgan, dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 1 gektar yer maydonini mahalliy fuqaroga 90 ming AQSh dollariga sotishini bildirib, undan kelishilgan summadan 40 ming AQSh dollarini oldindan berishni talab qilgan.

O‘tkazilgan faol tadbir davomida O.J. mahalliy fuqarodan ushbu pulni olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Ikkinchi holatda Samarqand shahrida yashovchi fuqaro baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilish uchun yer maydoni izlaganda “OLX” elektron dasturida baliqchilik qilish uchun qulay bo‘lgan 1,2 gektar yer maydoni sotilishi haqidagi e’longa ko‘zi tushadi. Ushbu yerni qo‘ldan boy berishni xohlamagan fuqaro uni sotuvga qo‘ygan “Sh” ismli shaxs bilan bog‘lanadi. Suhbat jarayonida yer maydoni Payariq tumanida faoliyat olib borayotgan “Ko‘paki oltin baliqlari” fermer xo‘jaligiga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Biroq “Sh” tuman hokimligi va davlat xizmatlari markazida ishlovchi tanishlari orqali yerni sotib olgan shaxs nomiga rasmiylashtirib bera olishini aytib, buning evaziga 17 ming AQSh dollari talab qiladi.

Tezkor tadbirda chog‘ida Payariq tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan Sh.A. amakisi Sh.O.ga tegishli fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan 1,2 gektar yer maydonini talabgorga 17 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirib, kelishilgan pulning 10 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tadbir davom ettirilib, tumandagi ovqatlanish shoxobchalarining birida 1964 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.O. mahalliy fuqaro bilan kelishilgan pulning 10 ming AQSh dollarini "mijozi"dan avans sifatida olayotgan vaqtida ushlandi.

Hozirda ikkala holat yuzasidan jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atish rejalashtirilmoqda.