Past Darg‘omda mast holatda yurgan, fuqarolarni IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslikka da’vat etganlar qamaldi

Joriy yil 19 aprel kuni soat 15:00 lar atrofida Past Darg‘om tumanida yashovchi I.A. va B.X.lar spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda tumanning “Charxin” YPX maskani oldidagi karantin postida xizmat olib borayotgan IIB va YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Mast fuqarolar IIB xodimlarining hujjatlarni taqdim etish haqidagi qonuniy talablariga qasddan bo‘ysunmasdan, shovqin solgan va ko‘chadagi fuqarolarni xodimlarning o‘z vazifasini bajarishga taalluqli qonuniy talablarini bajarmaslikka da’vat etgan.

Tuman ma’muriy sudining 2020 yil 20 apreldagi qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlar I.A. va B.X. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 194-moddasi 1-qismi va 195-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, karantin tartibini buzish, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, jamoat tartibini buzish muqarrar javobgarlikka sabab bo‘ladi.

V.FAYZULLAYeV,

Past Darg‘om tumani ma’muriy sudi raisi.