Past Darg‘omda o‘qituvchilarga qo‘pol muomalada bo‘lgan maktab direktori va o‘rinbosarlariga “hayfsan” berildi
Past Darg‘om tumani 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida pul yig‘ilishi holati yuzasidan rasmiy bayonot berildi.
Ma’lum qilinishicha, tuman prokuraturasi tomonidan holat mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganilganda, maktab direktori tomonidan tekshiruvchilar uchun 150 ming so‘mdan pul talab qilayotganligi audio yozuvlar bo‘lsa-da, o‘qituvchilarning maktab direktoriga pul mablag‘lari bermaganligi haqidagi ko‘rsatuvlari, mutaxassislarning dalolatnomasi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasining xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan.
Ammo maktab direktori tomonidan dars vaqtida o‘qituvchilarga yig‘ilishlar tashkil qilinganligi va qo‘pol muomalada bo‘lganligi holati o‘z tasdig‘ini topgan va unga “hayfsan” intizomiy jazosi berilgan.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, prokuratura tomonidan kiritilgan taqdimnomaga asosan direktor va uning ikki o‘rinbosari mehnat qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, pul yig‘ish masalasini muhokama qilganligi uchun bir nafar o‘rinbosari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.