Past Darg‘omda ota farzandi ta’minoti uchun birato‘la 22,8 ming dollar aliment to‘ladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor fuqaro X.U.dan fuqaro N.N. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandi uchun daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirilishi ko‘rsatilgan.
Aliment to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lab borilmagan. Shu sababli qarzdorlik yig‘ilib qolgan. Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdor otaga aliment to‘lovlariga befarqlik bilan qarash, farzandni ta’minotsiz qoldirish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntirilgan. Qolaversa, uning sobiq turmush o‘rtog‘i to‘lanmay kelinayotgan aliment puli undirib berilishini so‘rab murojaat qilgan.
Byuroning Past Darg‘om tuman bo‘limi davlat ijrochisi Otabek Abdujalilovning ma’lum qilishicha, olib borilgan ijro harakatlari, tushuntirishlar natijasida qarzdor to‘lamay kelayotgan aliment pullarini to‘la to‘lashini bildirib, 22 ming 850 AQSh dollari ko‘rinishida pullarni undiruvchi Z.T.ga topshirgan. Shu tariqa ijro ishi tamomlangan.