Pastdarg‘omlik tomorqachilar 7 ming 800 gektardan ziyod tomorqa yerlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradi
Koronavirus infeksiyasining oldini olish borasida hukumatimiz tizimli chora-tadbirlar yo‘lga qo‘ymoqda. Dunyoga jiddiy tashvish olib kelayotgan virusdan yurtdoshlarimizni asrash, undan talafotlarsiz chiqish maqsadida ishlab chiqilayotgan bu kabi tadbirlarda pastdarg‘omliklar ham faol bo‘lishni maqsad qilishgan.
Xususan, ular ayni kunlarda uyda bo‘sh o‘tirmay, mavjud tomorqa maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish bilan shug‘ullanmoqda. Tumanda 60 ming 683 nafar tomorqa yer egalari bo‘lib, ular tasarrufida 7605 gektar ekin yer maydoni bor. 2020 yil hosili uchun 2019 yil avgust-sentyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilgan edi. Ayni kunlarda bu mahsulotlar peshma-pesh bozorlarga chiqarilmoqda.
2020 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarining 5830 gektariga bahorgi qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirilishi belgilab olingan. Kuzda ekilgan piyoz va sarimsoqpiyozdan hamda erta bahorda ekilgan ekinlardan bo‘shagan salkam 2 ming gektar maydonga takroriy ekinlar joylashtirish belgilangan.
Past Darg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev tegishli tashkilot rahbarlari bilan birgalikda tuman aholisi xonadonlarida bo‘lib, olib borilayotgan tomorqa yumushlari bilan qiziqdi. Dastlab Go‘zalkent hududidagi aholi tomorqalaridan unumli foydalanish holatlari bilan tanishdi.
– Mamlakatimizga kelgan baloni hamjihatlik bilan birgalikda bartaraf etish uchun tomorqalarimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘lgan kartoshka, sabzi, piyoz, sabzavot, poliz va dukkakli ekinlarini yetishtirish uchun mehnatimizni ayamasligimiz kerak, - dedi Sh.Xudoyberdiyev. - Agar har birimiz tomorqamizdagi har qarich yerdan unumli foydalanib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirsak, pandemiya ta’sirini yumshatgan, dasturxonlarimizning to‘kinligini ta’minlagan bo‘lamiz. Ammo aholi xonadonlarini aylanib bir narsaning guvohi bo‘ldik: ba’zi xonadonlar egalarining dehqonchilik qilishga imkoniyati bo‘la turib, tomorqasiga beda ekib qo‘ygan. Agar shu yerga oziq-ovqat ekinlari ekilsa, yil bo‘yi ro‘zg‘orini obod qilishi, ortganini bozorga chiqarishi mumkin-ku.
Hokim tumanda tomorqasida mehnat qilib, yaxshigina daromad qilayotganlar ko‘pligini ham alohida e’tirof etdi. Jumladan, Ilm mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Olmos Xolmurodov o‘zining 20 sotix tomorqasining 4 sotixiga issiqxona qurib, bu yerga pomidor, bodring, ko‘katlar ekkan. Bir yilda o‘rtacha shu yerning o‘zidan 10-15 million daromad qiladi.
- Lekin bu yetarli emas, - dedi tuman hokimi. - Bugun fuqarolarimizda tomorqa madaniyatini shakllantirishimiz zarur. Ayniqsa, xalq boshiga og‘ir sinov tushgan hozirgi sharoitda tomorqamizning har qarich yeridan samarali foydalanib, dasturxonlarimiz to‘kin-sochinligini ta’minlaylik, bozordagi oziq-ovqat mahsulotlarini narxlarini saqlab qolishda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etaylik.
Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati.