Paxtachi tumanidagi maktablarda ta’lim sifati yaxshi. Ammo muammolar talaygina

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Paxtachi tumanidagi maktablarning yangi o‘quv yili, karantin davrida faoliyat olib borishiga tayyorligi, qurilish va ta’mirlash ishlari, ta’lim-tarbiya jarayonlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida 47 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari bo‘lib, ularda 25585 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Joriy yil Paxtachi tumanidagi 21-, 36- va 39-umumta’lim maktablarida Investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xulosalariga muvofiq, tumanda 9-12 sentyabr kunlari 7 ta, 14 sentyabrdan esa qolgan barcha maktablarda an’anaviy darslar boshlanishi ko‘zda tutilgan. 7 sentyabrga qadar 2171 nafar maktab o‘qituvchilaridan 680 nafari koronavirusga qarshi test topshirgan.

Tumandagi 784 o‘quvchi o‘rniga ega 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi 1989 yilda qurilgan. O‘tgan yillar davomida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmagan. Maktabning isitish tizimi, jihozlanishi bilan bog‘liq jiddiy muammolar bor. Achinarlisi, sport zalidan bugun omborxona sifatida foydalanib kelinmoqda. Sababi, sport zal binosining tom qismi yillar davomida eskirib, qulab tushish xavfi mavjud.

330 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladigan 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi 1991 yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Maktab 1 qavatli moslashtirilgan binoda joylashgan. 1986 yilda qurilgan 3-, 1983 yilda qurilgan 13-maktablarda ham joriy ta’mirlash ishlaridan tashqari, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmagan. Bu o‘z navbatida, maktabda belgilangan talablar asosida sifatli ta’lim-tarbiya berishni tashkil etish, isitish va boshqa yo‘nalishlarda qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilida 37-maktabning 33 nafar bitiruvchisidan 7 nafari, 41- va 45-maktablarning 6 nafardan bitiruvchilari, tumandagi jami 827 nafar bitiruvchidan 96 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Pedagoglar orasida malaka va tajribasi, salohiyatini namoyon etib, yuksak davlat mukofotlari, xalq ta’limi a’lochisi va boshqa ijobiy natijalarga erishgan o‘qituvchilar talaygina.

Vazir viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonovga tuman xalq ta’limi bo‘limi bilan birgalikda, qurilganiga bir necha o‘n yillar bo‘lgan, bugungi kunda ta’mirga o‘ta muhtoj bo‘lgan maktablar ro‘yxatini shakllantirish, ularni holati eng og‘irligiga ko‘ra, ketma-ketlikda kelgusi yildan boshlab Investitsiya dasturiga kiritish chorasini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.

Sh.Shermatov 21-umumta’lim maktabida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi. 1974 yilda qurilgan maktab binosi zamonaviy qiyofa kasb etgan. Biroq sinfxonalarning pol qismini ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilganini tanqid qildi.

Xalq ta’limi vaziri tanishgan barcha maktablar zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan sinfxonalarga ega. Informatika fani o‘qituvchilari bilan muloqotda ushbu jihozlardan samarali foydalanilmayotganiga e’tiroz bildirdi.

— Bugun kompyuter xonasiga doimiy qulf osilgan turishi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Biz doim, ayniqsa, o‘quvchilarning kompyuterda mustaqil shug‘ullanishi, amaliy jihatdan bilimga ega bo‘lishi uchun cheklov qo‘yib o‘rganib olganmiz. Ammo bugun ushbu texnologiyani yaxshi bilgan bola u oliy ma’lumotli bo‘lsa-bo‘lmasa daromadsiz qolayotgani yo‘q. Yana o‘qituvchilarimizning ham darsdan tashqari pullik to‘garaklar ochishiga bugun keng imkoniyat berilgan. Bu ham o‘qituvchining, ham maktab direktorining qo‘shimcha daromad olishi, qolaversa, maktabda byudjetdan tashqari mablag‘ topish imkonini yaratadi, — dedi Sh.Shermatov.

Xalq ta’limi vaziri Samarqand shahridagi Qorasuv massivida yangi qurilayotgan 1680 o‘rinli maktabning qurilish jarayonlari bilan ham tanishdi.

Bu haqda Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.