Paxtachida ayol kishi bilan til biriktirib, tanishidan 15 million talab qilib kelgan tovlamachi qo‘lga olindi

Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida videotasvirni taqdim qilmaslik uchun 15.000.000 sum talab qilib kelgan fuqaro qo‘lga olindi, deb xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Ma’lum bo‘lishicha, 34 yoshli B.X. tanishi, 30 yoshli O.A.ning moddiy tomondan yaxshi ta’minlanganligidan foydalanib joriy yilning 22 fevral kuni yo‘l-transport xodisasini sodir qilganligidan foydalanib, undan tovlamachilik yo‘li bilan moddiy qimmatliklar olish rejasini tuzadi.

Shu maqsadda fuqaro 38 yoshli K.A. (ayol) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, K.A.ni yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan marhumning onasi sifatida tanishtirib, bo‘lishi kutilayotgan sud majlisi jarayonida qamoqqa olinishini so‘rab da’vo qilishini, qamoqqa olish uchun yetarli dalillari, jumladan, sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi jarayoni yozilgan video tasvir mavjudligini, ushbu video tasvirni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, joriy yilning 7 aprel kuni fuqaro O.A.dan 15.000.000 so‘m pullarni olayotgan vaqtida tuman IIB xodimlari tomonidan B.X. va K.A.lar ushlanib, ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

K.A. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan B.X.ga esa tegishli modda bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.