Paxtachida nohaq ishdan bo‘shatilgan bank xodimi vazifasiga tiklandi
G.Ahmedova (ism-familiya va joy nomlari shartli) «Agrobank» ATB tuman filialida 2015 yil 28 dekabrdan 1-toifali mutaxassis lavozimida ishlagan. Ammo shtatlar qisqarganligi vaji bilan u 2019 yil 28 oktyabr kuni ishdan bo‘shatilgan.
U sudga bergan da’vo arizasida haqiqatan ham shtatlar qisqartirilishi haqida qonunda belgilangan muddat – ikki oy oldin ogohlantirilganini, ammo bankda KPI tizimi bo‘yicha yangi shtat paydo bo‘lganligini, ma’lumoti oliy bo‘lishiga qaramasdan o‘rta-maxsus ma’lumotli, mehnat stajiga ega bo‘lmagan xodimlar ishga olinganligini bildirgan.
Shuningdek, G.Axmedova bank ma’muriyati boshqa ish taklif qilmaganligini, uning qaramog‘ida 3 yoshga to‘lmagan farzandi borligini, iqtisodiy ahvoli og‘ir ekanligi hisobga olinmasdan ishdan bo‘shatib yuborilganligini ta’kidlagan.
Aniqlanishicha, haqiqatan ham «Agrobank» ATB tuman filialida Prezidentimizning PF-5780-sonli farmoni hamda bank boshqaruvining qaroriga asosan tarkibiy tuzilmaga o‘zgartirish kiritilgan. Bu bo‘yicha qisqarishi mumkin bo‘lgan lavozimdagi shaxslar, shu jumladan, da’vogar ham ogohlantirilgan. Biroq bank tomonidan lavozimi qisqartirilayotgan xodimlarga ish taklif qilish to‘g‘risidagi yig‘ilish qarori bilan G.Axmedova tanishtirilmagan. Ya’ni, u yig‘ilishda ishtirok etmagan.
Bank mutasaddilari mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi 29-sonli buyruqqa asos bo‘lgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligi bo‘yicha sudga hujjat taqdim eta olmadi.
Vaholanki, Mehnat kodeksining 101-moddasida “Basharti jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday rozilikni olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi” belgilab qo‘yilgan.
Sud jarayonida taraflar vajlari to‘liq tahlil qilinib, da’vogar G.Axmedovaning murojaati o‘z tasdig‘ini topdi. Sud qonun hujjatlari talablari va ish holatlaridan kelib chiqib, “Agrobank” tuman filialining 2019 yil 28 oktyabrdagi 29-sonli buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topdi.
Qaror bilan “Agrobank” ATB tuman bo‘limiga G.Axmedovani avvalgi ishiga tiklash lozimligi, lekin mazkur ish o‘rni qisqarganligi sababli shu ish o‘rniga teng ishga tiklash majburiyati yuklandi. Bundan tashqari, da’vogar foydasiga 2019 yil 28 oktyabrdan 2020 yil 28 yanvarga qadar bo‘sh yurgan kunlari uchun o‘rtacha ish haqi miqdorini hamda 2 million so‘m ma’naviy zarar undirib berishni lozim topdi.
Shuningdek, javobgardan davlat foydasiga 892 ming so‘m davlat boji undirildi.
Baxtiyor Farmonov,
viloyat sudi fuqarolik sudlov hay’ati sudyasi.
Kamol Namozov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.