Paxtachida o‘qituvchilarning avans pullari o‘z vaqtida berilmayotganmidi?

Joriy yilning 22 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Paxtachi tumanidagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari nomidan 21 aprel bo‘lishiga qaramasdan, avans pullari to‘lab berilmaganligi to‘g‘risidagi shikoyati e’lon qilindi.

Ushbu holatga Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki Samarqand viloyati boshqarmasi Paxtachi filialining 2020 yil 23 apreldagi 03-02/159-sonli xatiga ko‘ra, 2020 yilning 17 aprel kuni Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan maktablarning avans ish haqi uchun jami 1333245300 so‘m pul mablag‘lari moliyalashtirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi byudjet kodeksini amalga oshirish bo‘yicha normativ – huquqiy hujjatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 245-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan Nizomning 2-bo‘lim 7-bandiga ko‘ra, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga xarajatlarni moliyalashtirish (to‘lash)da har oyning 1-4 va 15-18 sanalarida amalga oshirish belgilangan). 18-19 aprel sanasi haftaning shanba va yakshanba kunlari bo‘lganligi bois bank faoliyat ko‘rsatmagan, 20 aprel kuni esa naqd pul zaxirasi shakllantirilib, dezinfeksiya qilingan holda 20 va 22 aprel kunlari tumandagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablariga avans ish haqi to‘liq tarqatilgan.

Masofadan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida avans ish haqining tarqatilishi bo‘yicha birorta maktab o‘qituvchisidan maktab direktori yoki XTBga murojaat yoki e’tirozlar kelib tushmagan.

Shuningdek, tumandagi barcha maktab direktorlarining pedagogik jamoada ishlaydigan har bir xodim bilan telefon orqali gaplashib chiqqanidan so‘ng bergan bildirgisiga ko‘ra, barcha maktablarda avanslar tarqatilgan.