Paxtachidagi Ko‘rpa mahallasida 815 ta ixcham issiqxona qurish rejalashtirilgan

Paxtachi tumanida 78,8 ming nafar ishga layoqatli fuqaro bor. Ularning 52 ming nafarining bandligi ta’minlangan. Shundan doimiy ishlovchilar 14,7 ming kishi, mavsumiy ishlovchilar 37,3 ming kishi, xorijda ishlayotganlar esa 11,8 ming kishini tashkil etadi. Tumanda  bandligi ta’minlanmagan  fuqarolar 6 940 nafarni tashkil etadi.

Aholi bandligini ta’minlash maqsadida imkoniyatdan kelib chiqib, qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga 344 nafar fuqaroga ixcham va yengil konstruksiyali issiqxonalar qurib berildi. Bu yo‘nalishni davom ettirib, tumanda yana 815 ta issiqxona qurish rejalashtirilgan.

Birgina, Ko‘rpa mahallasida tumandagi ishsiz fuqarolar uchun 3 gektar maydonda ixcham issiqxonalar qurilib, birinchi sektor hududidagi 15 ga yaqin mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Issiqxonalarning 1 sotixi subsidiya va yana bir sotixi 8 million 490 ming so‘m kredit hisobidan ajratildi. Tomorqasida issiqxona tashkil etish maqsadida yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga ham ixcham va yengil konstruksiyali issiqxonalar qurib berilmoqda. “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida tumanning Sultonobod hududidagi xonadonlarning aksariyati issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yib, pomidor, bodring, ko‘kat, limon yetishtiradi.

- Doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmaganligim uchun mahallada kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turardim, - deydi Tinchlik mahallasida yashovchi Laylo Ashurova. – Doimiy daromadga ega bo‘lishim uchun menga ham yangi qurilgan issiqxonalardan ajratishdi. Bu yil issiqxonada ismaloq ekib, hosilni sotib boshladim. Bu oilamizga qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Keyingi yildan issiqxonada pomidor, bodring yetishtirmoqchiman. Mutaxassislar issiqxonada hech qanday isitish tizimisiz limon yetishtirishni ham o‘rgatishdi.

Tumanda aholi bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad manbalarini topish, yangi imkoniyatlarni ishga solib, doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida shu kabi choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, o‘tgan 11 oyda 2069 ga yaqin fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi, 199 nafar ishsiz kasbga qayta yo‘naltirilgan.

- 224 nafar fuqaro kvota ish o‘rinlariga, 3800 nafarga yaqin fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, - deydi tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari Bobirjon Azizov. – Bandlikni ta’minlash uchun tumanda 8 ta ishlab chiqarish kooperativi tashkil etildi. Ushbu kooperativlarga 300 million so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari ajratildi va 238 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.