Payariq tuman sudi yollanma askarlikda ayblangan yigitga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi

Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi 2019 yildan beri Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan. 2021 yilda u giyohvand moddalar tashiyotganda hibsga olingan va Kolomna shahar sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

U jazoni Sverdlovsk viloyat axloq tuzatish muassasasida o‘tagan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, jazoni o‘tayotganda unga harbiy xizmat shartnomasi taklif etilgan. 2025 yil sentyabr oyida u Donetskka yuborilgan, u yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Rossiya mudofaa vazirligining harbiy qismiga yuborilgan.

Sudlanuvchi nomiga ochilgan bank kartasiga taxminan 2 million rubl o‘tkazilganligi aniqlangan. Unga AK-74 avtomati kabi qurol-yarog‘, shuningdek, harbiy texnika berildi. Keyinchalik unga Donetsk yaqinidagi harbiy bazadan suv, oziq-ovqat va boshqa zarur narsalarni yetkazib berish, bo‘linmalarni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Ish materiallariga ko‘ra, 2025 yil oktyabr oyida sudlanuvchi 3,4 million rubl miqdorida pul mukofoti evaziga Moskvaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. U yerda O‘zbekiston Respublikasi konsulligi bilan bog‘lanib, qurolli mojaroda qatnashgani haqida xabar bergan. 6 noyabr kuni unga vatanga qaytish to‘g‘risida guvohnoma berilgan va 9 noyabr kuni u O‘zbekistonga yetib kelgan.

Sud A.A.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi, 1-qismi bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topdi va uni 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.