Payariq tumani hokimligidan “Rayxona Sharq” MJCh foydasiga qariyb 316 million so‘m undirildi

Bu Payariq tumani adliya bo‘limiga tumandagi Chelak shaharchasida yashovchi Jo‘rabek Vahobovning arizasi asosida amalga oshirildi. Negaki, murojaatchi unga tegishli “Rayxona Sharq” MChJga yetkazilgan zararni va olib qo‘yilgan yer maydoni o‘rniga munosib yer maydoni ajratishda amaliy yordam so‘ragan.

Aniqlanishicha, Payariq tumani hokimligi tomonidan 2017 yil 9 iyunda Choshtepa mahallasida joylashgan “Meva-sabzavotni qayta ishlash zavodi” binosi buzilishi to‘g‘risida mulkdorga ogohlantirish xati berilgan.

“Rayxona Sharq” MJCh 2016 yil 26 sentyabrda Ipoteka krediti rasmiylashtirishi zarurati “Samarqand Hamkor Baho” MJCh bilan tuzilgan 036/09-sonli shartnomasi asosida yuqoridagi manzilda joylashgan meva-sabzavotni qayta ishlash zavodini baholatgan. Shu paytda mulk 315 million 520 ming so‘mga baholangan.

Payariq tumani hokimligining 2019 yil 5 sentyabrda bergan ma’lumotiga ko‘ra, “Rayxona Sharq” MJCh balansida bo‘lgan “Meva sabzavotni qayta ishlash zavodi” binosi buzilishi natijasida yetkazilgan zarar uchun 2017-2019 yillar davomida kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilmagan.

Yuqoridagilarga asosan “Rayxona Sharq” MJChning qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, tuman adliya bo‘limi Payariq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Natijada, sudning hal qiluv qarori bilan Payariq tumani hokimligidan da’vogar “Rayxona Sharq” MJCh foydasiga 315 million 520 ming so‘m yetkazilgan zararning undirilishi ta’minlandi.

Haydarali NORBEKOV,

Payariq tumani adliya bo‘limi katta maslahatchisi.