Payariq tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi

Qariyb ikki oy davom etayotgan karantin sharoiti barchaga, avvalo, davlat boshqaruvi idoralari rahbarlari uchun sinov va tajriba bo‘lmoqda. Pandemiyaning aholi turmush tarziga, tadbirkorlar faoliyatiga va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanib, ularning ijrosi ta’minlab borilmoqda.

Samarqandda ham bu borada hududlar kesimida mavjud resurslar va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda manzilli rejalar, loyihalar tuzilib, ularni tezkor amalga oshirish bo‘yicha ishlar izchil olib borilmoqda.

Kecha viloyatimizda faoliyat olib borayotgan davlat va tijorat banklarining ko‘magi asosida Payariq tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda tadbirkorlar tomonidan 40 dan ortiq loyihalar taqdim etilib, mavjud muammolar, ularning yechimi mutasaddilar ishtirokida birma-bir muhokama qilindi.

Aholi bandligini ta’minlash maqsadida qurilish ishlarini davom ettirishga ruxsat berilganligini inobatga olib, mazkur ob’yektlarda belgilangan ishlarni karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Mas’ul xodimlarga hali boshlanmagan, uzoq muddatli loyihalarni aniqlab, ularni 2020 yilning o‘zida samara berishni boshlaydigan yangi loyihalarga almashtirish zarurligi, mablag‘larni ustuvor ravishda kichik biznes sub’yektlariga yangi ish o‘rinlari yaratish uchun yo‘naltirish tavsiya etildi.

Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.