Payariqda 4 ta mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda viloyat prokurori M.Eshnazarov, viloyat xalq qabulxonasi boshlig‘i M.Turdiyev, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Yo‘ldoshev, tuman hokimi I.Jabborov va sektor rahbarlari ishtirok etdi.
- Shu paytgacha 1982 yilda qurilgan eski qishloq vrachlik punkti binosida faoliyat yuritishimizga to‘g‘ri kelayotgan edi, - deydi Bahor mahallasi raisi Zafar Hayitov. – Sharoitsizlik ham salomatligimiz, ham ish samaradorligimizga salbiy ta’sir qilayotgandi. Yil boshida mahallaning oqsoqollari bilan kengashib, hashar yo‘li bilan markaz qurishga qaror qildik. Xalqimiz bir yoqadan bosh chiqardi - 4 oy deganda ishimiz bitdi. Zamonaviy binoda mahalla yettiligining har biri uchun alohida xonalar bor. Homiylar ko‘magida ular to‘liq kompyuter va boshqa kerakli jihozlar bilan jihozlandi.
Mahalla binosining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zga chiqqanlar mahalla institutining hayotimizdagi o‘rni, insonlar tarbiyasidagi roli haqida to‘xtaldi.
U yoshlarni jamiyatning bir qismi bo‘lishga o‘rgatuvchi, ularda insoniylik, xalqparvarlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantiruvchi ulug‘ maskanligi, mahalla obodligiga hissa qo‘shish har bir fuqaroning burchi ekanligi ta’kidlandi.
Tantanali tadbir doirasida hududdagi sharoiti og‘ir oila farzandining xatna to‘yi ham o‘tkazib berildi. Mahalla qurilishida faollik ko‘rsatganlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Shunday tadbirlar tumanning Navbahor, Aliobod, Qirqovul mahallarida ham o‘tkazildi.