Payariqda ko‘p qavatli uylar zamonaviy qiyofaga kirmoqda
Viloyat hokimi tomonidan joriy yilning 21 sentyabr kuni tasdiqlangan "Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish, turizmni rivojlantirish va bo‘sh turgan bino-inshootlardan foydalanish ahvolini o‘rganish natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"da belgilangan vazifalarning ijrosi shahar va tumanlarda bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.
Xususan, ushbu "Yo‘l xaritasi"da Payariq tumanidagi ko‘p qavatli uylar atrofidagi noqonuniy qurilishlarni buzish va bartaraf etish chora-tadbirlari ham belgilangan.
Tumanda 26 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Bu ko‘p qavatli uylar atrofida tuman ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar olib borilgan va 65 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Ayni vaqtda ularning buzish ishlari 80 foizga bajarilgan. Faqat ko‘p qavatli uylar oldidagi hojatxonalar haligacha buzilmagan.
– Hozirda umumiy hojatxonalar yangidan qurilmoqda, – deydi tuman uy-joy komunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshig‘i Qarshiboy Izboskanov. – Qurilish yakuniga yetgandan keyin noqonuniy qurilgan hojatxonalar ham buziladi.
Ayni vaqtda Payariq va Chelak shaharchalaridagi ko‘p qavatli uylar atrofini tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda, yo‘laklarga beton qoplama yotqizilmoqda. Noqonuniy qurilishlar o‘rni tekislanib, o‘rnida bolalar maydonchasi, ma’rakalar uchun joy va boshqa zarur ob’yektlar qurilishi boshlab yuborilgan.
Jumladan, Payariq shaharchasidagi Go‘zal, Xalqobod, Alisher Navoiy va boshqa mahallalarda bu borada ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Chelak shaharchasidagi Bunyodkor, Qumchuq, Ahmad Yassaviy mahallalarida ko‘p qavatli uylar kirish yo‘laklari ta’mirlanib, umumiy hojatxonalar qurish ishlari davom etmoqda.
– Yil yakuniga qadar bu ishlarni yakuniga yetkazishni rejalashtirganmiz, – deydi tuman hokimining qurilish masalalariga mas’ul o‘rinbosari Shavkat Toshpo‘latov. – Ko‘p qavatli uylarning fasadi ham mukammal ta’mirlanmoqda.
Folib ABDUSALOMOV.