Payariqdagi sport inshootlari: birida suv yo‘q, ayrimlari ta’mirga muhtoj
Tumanda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida 5 kilometr salomatlik, 5 kilometr veloyo‘laklar, 5 ta stritbol, 7 ta “Workout” maydonchasi foydalanishga topshirilib, qurilish ishlariga 4 milliard 500 million so‘m mablag‘ sarflangan. Ammo tumanda hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qator muammolar borki, bu mutasaddilar e’tiboridan chetda qolgan ko‘rinadi.
Murojaatdan keyin ham suv tortilmadi
Tumanda 458 ta sport inshooti mavjud. Shundan ikkitasi bolalar-o‘smirlar sport maktabi bo‘lib, ularda 79 nafar trener-o‘qituvchi 21 ta sport turi bo‘yicha 2195 nafar o‘g‘il-qizga mashg‘ulot o‘tmoqda.
– 5 yildan beri sportchilar va trener-o‘qituvchilarning yuvinish xonalarida hamda futbol maydonini sug‘orishga suv yo‘q, – deydi 1-bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Mansur O‘sarov. – Bu muammoni bartaraf etish maqsadida artezian qurilishiga amaliy yordam so‘rab, tuman hokimligiga, moliya bo‘limi hamda viloyat turizm va sport boshqarmasiga murojaat qildik. Afsuski, yo‘llagan murojaatimizga javob bo‘lmadi. Hattoki, vazirlikdan kelgan ishchi guruh ham mazkur holatni ko‘rdi, lekin bunga ko‘z yumildi. Shundan so‘ng o‘zimiz amallab muassasa hududidan suv chiqardik. Ammo bu suv na ichishga, na yuvinishga, na maydon va ekilgan daraxtlarni sug‘orishga yetadi.
Sport zal bor, ammo...
Payariq tumanida 102 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud. Shundan 67 tasida sport zal bo‘lsa, 35 tasida yo‘q. Sport zali bor ayrim maktablarda esa ahvol quvonarli darajada emas.
– Maktabimizda 1796 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – deydi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jasur Mengliyev. – Tuman bo‘yicha eng ko‘p o‘quvchi shu muassasada o‘qiydi. Lekin sport zali kichikligi sababli o‘quvchilar o‘zlari qiziqqan sport turi bilan shug‘ullana olmayapti. Buning ustiga, sport jihozlari ham yetishmaydi. Axir amaliy dars mashg‘ulotlarida kurash gilami, stol tennisi, futbol va basketbol to‘plari, basketbol shiti va gandbol darvozasi kerak bo‘ladi.
Tumandagi 73-maktab binosi 1985 yilda qurilgan. Ammo muassasa shu kungacha bir marta joriy ta’mirlangan. Hozirgi kunda maktabda 55 nafar o‘qituvchi 525 nafar o‘quvchiga dars bermoqda.
– Muassasamiz qurilgandan buyon 2020 yilda ta’mirlandi, – deydi direktor o‘rinbosari Saodat O‘roqova. – Sport zali esa 37 yildan buyon ta’mirlanmagan. Shu bois qorli, yomg‘irli kunlarda zalning tomidan suv o‘tyapti. Bundan tashqari, pol qo‘porilgan, isitish tizimi ishlamaydi, jihozlar ham eskirgan. Bu masala bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limiga bir necha marta murojaat qildik. Ammo tayinli javob ololmadik.
Payariqda sportni ommalashtirish, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlarga qo‘l urilgan. Ammo umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ham sportga e’tibor qaratilib, shu sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qiynab kelayotgan muammolarga barham berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.