Payariqdan saklarning ikki ming yillik bronza qozoni topildi
Aslida ushbu noyob ashyo bundan 29 yil oldin topilgan. Faqat uni topib olganlar uning noyobligini bilishmagan va uy-ro‘zg‘or buyumi sifatida foydalanib kelgan.
Yaqinda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari muzey to‘plamlarini boyitish maqsadida viloyatimiz bo‘ylab ekspeditsiyaga chiqdi. Ekspeditsiya davomida aniqlangan bir qator ashyolar ichida saklarning bronza qozoni ayniqsa diqqatga sazovordir. Qozonning balandligi 37, og‘iz qismining diametri 52 santimetrni tashkil etadi. Qozon Yettisuv vohasi sak qabilalariga tegishli bo‘lib, miloddan avvalgi II-I asrlarga oiddir.
Ushbu qozon 1993 yilda Payariq tumani Muhammadi qishlog‘i fuqarosi, o‘sha vaqtda maktabda direktor bo‘lib faoliyat yuritgan Anvar Shog‘dorov tomonidan Qaroqchi tog‘i va Teshiktepa arxeologik yodgorligi oralig‘idagi adirdan kanal qazish vaqtida topib olingan.
Ushbu hududda bronza qozonlarning aniqlanishi birinchi marta emas. Qaroqchi tog‘ining Qo‘shrabot tumanidan o‘tgan qismi yonbag‘rida joylashgan Sirliboytepadan, Payariq tumanidagi Ko‘ktepa arxeologik yodgorligidan ham saklarga oid bronza qozonlar topilgan. Shuningdek, 2017 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanining Oqtov tog‘lariga tutash Yilqihaydar qishlog‘idan ham mahalliy aholi tomonidan topilgan saklarning bronza qozoni muzey-qo‘riqxonaga topshirilgan.
Bronza qozonlar bugunga qadar Shimoliy Xitoydan Dunay daryosi bo‘yigacha bo‘lgan hududlarning deyarli barcha yerida topib o‘rganilgan bo‘lib, qozonlarni saklar, skiflar, sarmat va savromatlar kabi ko‘chmanchi qabilalarning degrez ustalari ming yillar davomida quyib kelishgan va qimmatbaho buyum sifatida qadrlashgan.
Bronza qozonlarning qo‘llanilish borasida bir qator mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirgan bo‘lib, ayrim tadqiqotchilar bunday idishlarda ichimlik tayyorlash bilan bir qatorda suyuq mahsulotlar uchun ishlatilganligini qayd etadi. Xususan, miloddan avvalgi V asrda yashagan yunon tarixchisi Gerodot o‘zining 9 tomli “Tarix” kitobida skiflar bunday qozonlardan go‘sht pishirishda, diniy marosimlarda, qurbonlik keltirishda foydalanganligini qayd etadi. Kichik bronza qozonlaridan esa isiriqdon sifatida ham foydalanilganligi Oltoydagi Paziriq qo‘rg‘onidan topilgan ashyolarda o‘z aksini topgan.
Geografik nuqtai nazardan Yilqihaydar qishlog‘i, Sirliboytepa, Ko‘ktepa qo‘rg‘onlari va Muhammadi qishlog‘ining Qaroqchi tog‘iga tutash hududlari yagona Nurota tog‘ tizmalarida joylashgan bo‘lib, ushbu hudud qadimdan chorvachilik uchun doim qulay bo‘lganligi sababli bu yerda chorvador aholi asrlar davomida yashab kelganligini, bu yerda aniqlanayotgan ko‘plab ashyolar misolida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining katta jamlanmasida saqlanayotgan ko‘chmanchi qabilalarga mansub nayza va kamon uchlari, jangovar bosh kiyim-shlem va boshqa ashyolar topilishi, ilk temir davriga oid ko‘plab qoyatosh suratlarning kuzatilishi tasodifiy emas. Lekin, ularning aksariyat hollarda tasodifan topilishi, topilgan joyini aniq bir yodgorlik, madaniy qatlam bilan bog‘lash qiyin ekanligi ushbu ashyolarni kelib chiqishi, ularning o‘ziga xos xususiyatlari borasida aniq, to‘laqonli fikr aytish imkonini bermaydi. Shu jihatdan, qadimiy ashyolar aniqlangan hududlarda keng qamrovli arxeologik izlanishlar olib borish, aniqlangan ashyolarni nafaqat morfologik, balki zamonaviy usullar yordamida tahlil qilish o‘troq va chorvador aholi o‘rtasidagi munosabatlar, ularning moddiy madaniyati va boshqa masalalari borasida bir qator yangi, ilmiy asoslangan ma’lumotlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Mahmudxon Yunusov, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.