Payariqlik besh fuqaro pasport oladigan bo‘ldi

Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan shahar va tumanlardagi sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni joyida o‘rganish va ularning hisobotini eshitib boradigan jamoatchilik nazorati guruhlari ayni paytda Payariq tumanidagi mahallalardagi holatni o‘rganmoqda.

O‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat guruhlar a’zolari xonadonlarga kirib, aholini tashvishlantirib kelayotgan muammolar, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va muhtojlarni qiynayotgan kamchiliklarga yechim topishga harakat qilmoqda.

- Shu kungacha guruh a’zolari bilan mahallamizdagi yuzdan ziyod xonadonga kirib 45 ta turli ijtimoiy muammolarni qayd etdi, - deydi tumandagi Gulzor mahalla fuqarolar yig‘ini raisi J.Qobilov. – Turli sabablar bilan fuqarolik pasportiga ega bo‘lmagan 5 nafar mahalladoshlarimizga bugunning o‘zida tuman ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Ikki nafar ehtiyojmand oilaga moddiy yordam ko‘rsatish chorasi ko‘rildi. Mahalla uchun biriktirilgan 2-sektor rahbari va tuman hokimligiga ishsiz fuqarolarimizning bandligini ta’minlash, suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish, uy-joy masalalariga doir talabnomalar kiritildi.