Payariqlik tadbirkor hasrati: Ovoragarchiligimga javobgar yo‘qmi?

2018 yilda Payariq tumani Imom Buxoriy mahallasi, Xartang qishlog‘idagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarga tutash, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan bo‘sh yerdan «Yoshlar mehnat guzari» qurish bo‘yicha yer tanlab, tuman hokimidan ruxsat so‘radik. Tuman hokimi ruxsat berib, hujjatlarni tuman yer tanlash va ajratish komissiyasiga topshirishimni aytdi. Komissiya a’zolari hujjatlar va joyni o‘rganib, 2019 yil avgustda loyihani ma’qulladi.

O‘sha paytdagi tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari O.Abdullayev 2019 yil 2 oktyabrda viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i B.Nazarov nomiga xat qilib berdi. Tuman arxitektori Zoyir Hayitov loyihamizni Xartang qishlog‘ining bosh rejasiga joylashtirdi. Hujjatlarni qurilish boshqarmasiga topshirdim, “O‘zshaharsozlikLITI” ilmiy-tadqiqot institutiga yuborishdi. Ma’lum vaqtdan so‘ng ular rejani ma’qullab, alohida chizma qilib, qurilishning o‘lchamlari, hajmi, ko‘rinishini tasdiqlab javob yubordi. Xatni olib yana tuman hokimligiga bordim. Hokimiyatda qurilish bo‘limida ishlaydigan mutaxassis Sherzod Muhammatov “Baribir bu yer sizlarga berilmaydi, sizlar ololmaysizlar”, dedi. Nega, deb so‘rasam aytmadi…

Shundan so‘ng «Erta kel, indin kel, bozordan keyin kel, bayramdan keyin kel, hokimga uchrasholmayapman», degan vajlar bilan sarsongarchiliklar boshlandi.

Bir kuni tuman hokimini uchratib, «Hujjatlar tayyor bo‘ldi, endi qaror chiqarib bersangiz”, dedim. Hokim “Hujjatlarni qurilish bo‘limiga bering, qaror loyihasini tayyorlab kirsin”, dedi. Aytdim, ammo ertasiga borsam, yana o‘sha gap. Men natija bo‘lib qolgandir, deb kunda-kun­ora borib kelaverdim. Bir kuni hokim va Sh.Muhammatovni hokimiyat hovlisida uchratdim. U meni ko‘rishi bilan hokimga “Bu yer maydoni faqat auksion orqali beriladi, desam, bu kishi tushunishni istamayapti” dedi.

“Shu paytgacha bunday gap bo‘lgani yo‘q edi-ku. Agar yer maydoni auksionga qo‘yiladigan bo‘lsa, qariyb bir yildan buyon nega meni bunchalik sarson qilyapsizlar”, dedim.

“Mayli yer maydonini beramiz, faqat bu yerning Fotima opa degan mas’ul odami bor, u kishi ruxsat berishi kerak”, dedi hokim.

Mas’ul opa Samarqanddagi “ARCHI CUDE” degan loyihalash firmasining boshlig‘i ekan. Fotima opa hamma hujjatlar to‘g‘ri, faqat loyiha-taklif yetishmasligini aytdi. Ikki haftadan so‘ng o‘sha hujjatlarni tayyorlab berdi va bu hujjat qurilishga ruxsat berilganini hokim o‘zi tushunishini aytdi. Ertasiga hujjatlarni Sh.Muhammatovga topshirdim, u yana turli bahonalar bilan sarson qildi. Bir necha kundan so‘ng hokimga uchrashdim, u kishi “Ayting qarorni tayyorlab kiritsin, imzolab beraman”, dedi. Hokimning gapini hokimiyat mutaxassisiga aytdim, “xo‘p” dedi. So‘ng yana sarsongarchilik. Sabr tugab, asablar taranglashgan kunlarning birida hokimni uchratib, “Xodimingiz sarson qilyapti”, dedim. Hokim bo‘lsa, “Imom Buxoriy hududida hech kimga yer ajratish uchun qaror chiqarmayapmiz», dedi.

O‘sha kunlarda viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning Payariq tumanida sayyor qabuli bo‘ldi. Men ham qabulda qatnashib, muammoni viloyat hokimiga aytdim. Masalani o‘rganish Payariq tumani yoshlar ittifoqiga topshirildi. Bir necha kundan so‘ng “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasidan mutaxassis keldi va “Tuman hokimiga xat qilib chiqaman. Lekin u kishi bu xatga javob bermaydi”, dedi.

Shundan so‘ng senator F.Toshevga murojaat qildim. U kishi tuman hokimi bilan gaplashib, qurilish vazirining ruxsatisiz bu yerga qaror berolmaganligi uchun vazirga so‘rovnoma ham yuborgan ekan.

Shundan so‘ng og‘ir betob bo‘ldim, ancha vaqt davolandim. Hech qayerdan xat-xabar bo‘lavermagach, javob xatini so‘rab yana F.Toshevga bordim. U kishi ancha avval qurilish vaziriga yuborgan savolga ijobiy javob xati kelganligi va uni tuman hokimiga yuborganligini aytdi. Ertasiga tuman hokimligiga borib, vazir ham ruxsat berganligini, endi qaror chiqarish mumkinligini aytsam, Sh.Muhammatov “Bizga hech qanday xat kelgani yo‘q, Yangi yildan keyin keling”, dedi. Xat nusxasini berib qaytdim.

Bayramdan keyin ham yana o‘sha sarsongarchilik. 14 yanvarda sabrim tugadi va “2020 yil 4 aprelda rasman bergan arizamga yer maydoni berilishi yoki berilmasligi bo‘yicha javob xati ber, boshqa kelmayman”, dedim. Sh.Muhammatov tuman hokimi o‘rinbosari Sh.Boliyev nomidan yer maydoni auksion orqali olish kerakligi bo‘yicha xat tayyorlab, “Boliyevga imzolatib keling”, dedi. Mutaxassisning bevosita vazifasini bajarib, xatni o‘rinbosarga imzoga olib bordim. U kishi xat bilan tanishmasdan imzolab berdi.

«Endi xatni devonxonadan ro‘yxatdan o‘tkazib ketavering», dedi Sh.Muhammatov.

Rasmiy hujjatlarni tayyorlash, imzolatish, ro‘yxatdan o‘tkazib, murojaatchiga topshirish mutaxassislarning vazifasi, deb bilardim. Bu tartib faqat Payariqda joriy qilinganmi yoki boshqa tuman hokimliklarida ham shunday holatmi?

Agarda 4 sotix yer maydonida ikki qavatli bino qurganimizda 30-40 ta yangi ish o‘rni bo‘lardi. Bino qurilishi uchun yana qancha odam band bo‘lardi. Tadbirkorlik qilaman, ish o‘rni yarataman deb sarsongarchiliklardan tamomila bezor bo‘ldim. Ishtiyoq ham so‘ndi, ishonch ham qolmadi.

Yaqinda yana tuman hokimligi devonxonasiga borib, “2020 yil 4 aprelda Alishev Sirojiddin nomidan Xartang qishlog‘ida “Yoshlar mehnat guzari” qurishga ruxsat so‘rab ariza bergandim, shu arizamdan nusxa olmoqchiman. Chunki sizlarning harakatlaringizdan noroziman, shikoyat qilmoqchiman, shunga ariza nusxasini ilova qilaman”, dedim. Arxivdagi arizani topib kelishga ketgan xodim ancha vaqtdan keyin soxtalashtirilgan ariza nusxasi va shoshib tayyorlangan javob xatini keltirdi. Chunki men arizani 4 aprelda berganman, 13 aprelda mutaxassisga kelib tushganligi to‘g‘risida sana yozilgan. Soxta ariza nusxasida esa 4 sanasi oldiga 1 raqami qo‘shib qo‘yilgan. Bu esa men ariza bermasimdan oldin mutaxassis qabul qilgan bo‘lib qoladi. Shoshib tayyorlangan javob xatiga keladigan bo‘lsak, men Alishev Sirojiddin nomidan ariza berganman. Menga berilgan javob xatining ichki qismida fuqaro “Qo‘ziboyev Asqarga Yoshlar mehnat guzari qurish uchun” degan jumla qolib ketgan. Bu ochiqchasiga ish o‘rni yarataman, degan fuqaroning yo‘lini to‘sish, tadbirkorlikka qarshilik qilish emasmi?

Televizor ko‘ramiz, gazeta o‘qiymiz, barchasida davlatimiz rahbari yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga yangi ish o‘rinlari yaratish, buning uchun mahalliy hokimliklar targ‘ibot-tashviqot o‘tkazishi, kredit ajratishda ko‘maklishishi, imkoniyatlar yaratish borasida jon kuydirib gapiradi. Lekin farzandlarim bilan bo‘sh yotgan yer maydonida yangi ish o‘rni yaratamiz, yoshlarni o‘z yurtida tadbirkorlikka o‘rgatib, bandligini ta’minlaymiz, desak Payariq tumani hokimligi mas’ullari nega bunga qarshilik qiladi? Yoki Prezidentning siyosati ular uchun taalluqli emasmi? Bo‘lmasa nega o‘zlari ruxsat bergan, qurilish boshqarmasi rozi bo‘lgan, Qurilish vaziri ham ma’qullagan qurilishga qaror chiqarish uchun qarshilik qiladi, deputatlarni aldaydi, fuqaroni yillab sarson qiladi? “Shu yerda tadbirkorlik qilaman, ish o‘rni yarataman, sizlar ham ishli bo‘lasizlar, chet elga ishlagani bormaysizlar” deb farzand­larimni ishontirgandim. Endi kimga ishonay? 400 kvadrat metr bo‘sh yer maydonni, deb qariyb 2 yil tuman hokimligida sarson bo‘lib, bu yerda tadbirkorlik qilib bo‘lmasligiga ishonaymi?

Mening ovoragarchiligim uchun kim javob beradi?

Hasan Tojiyev.