“Paynet”chi qo‘pol muomala qilsa...

Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi Yulduz Karimova telefoniga pul o‘tkazish uchun paynet shaxobchasiga bordi. Shaxobcha xodimi unga qo‘pol muomalada bo‘ldi. Shuningdek, o‘tkazgan puli uchun  qo‘shimcha xizmat haqi olib qoldi. Ushbu holatdan ranjigan Yu.Karimova Prezident ishonch telefoniga murojaat qildi.

Murojaat Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Samarqand  viloyat hududiy birlashmasining Ishtixon tuman jamiyati mutasaddilari tomonidan o‘rganib chiqildi. Unga  ko‘ra,  "Otabek aloqa servis" xususiy korxonasi xodimi  Yu.Karimovadan uzr so‘radi va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi. Agar ushbu holat yana takrorlansa, O‘zbekiston Respublikasi  Ma’muriy javobgarlik  to‘g‘risidagi kodeksning  186-1 moddasiga asosan, eng kam oylik ish haqining  30 barobaridan 50  barobarigacha  jarima jazosi qo‘llanishi haqida  ogohlantirildi.

Shuningdek, tuman  davlat Soliq inspeksiyasi  xodimlari tomonidan  xususiy korxona  paynet xizmati uchun ustama narx qo‘ymaslik, naqd pullarni bank kassasiga kunlik topshirilishi yuzasidan rasmiy xat bilan ham ogohlantirish berildi.

Gulchehra  BERDIYOROVA.