Pekindagi yirik ulgurji savdo bozorlaridan birida koronavirus o‘chog‘i aniqlandi
Pekinning eng yirik ulgurji savdo bozorlaridan biri hisoblangan “Sinfadi” bozorining import qilib keltirilgan baliq savdosi bilan shug‘ullanadigan rastasida koronavirus aniqlandi. Bu haqda 12 iyun “Sinszinbao” nashri bozor ma’muriyati bergan ma’lumotga tayanib xabar berdi.
11 va 12 iyun kunlari Xitoy poytaxti Pekinda so‘nggi 56 kundan beri ilk bora uchta yangi koronavirus holati qayd etildi. Yangi kasallanganlarning ikki nafari “Sinfadi” bozoridagi go‘sht mahsulotlarini nazorat qilish markazida ishlashi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng poytaxt hukumati epidemiologik tekshiruv o‘tkazdi.
“O‘tkazilgan tekshiruv natijalarini biz bugun ertalab oldik. Olib borilgan surishtiruv ishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur import qilib olib kelingan baliq turi “Sinfadi” bozoriga “Szinshen” dengiz mahsulotlari bozoridan olib kelingan”, deya ma’lum qildi “Sinfadi” bozori ma’muriyati boshqaruvchisi.
Ayni vaqtda bozorda yuqori darajali nazorat o‘rnatilgan. Mol, qo‘y va dengiz mahsulotlari savdo zallari vaqtincha yopilgan. Meva va sabzavot zallari faoliyati hozircha davom etmoqda.