Piyoda, mashina, poyezd... Ishxonaga kim qanday qatnaydi?
Ishga borish uchun erta turamiz, tayyorlanib, avtobus bekati, metro yoki tramvayga chiqamiz, shoshilganimizda esa taksi chaqiramiz. Yer yuzida bu jarayon boshqacha kechadigan shaharlar va davlatlar bor.
AdMe.ru sayti sayyoramizdagi ishchilar tongining boshqacha ko‘rinishidan hayratda qoldi va bu kashfiyotni biz bilan baham ko‘rishga shoshildi.
La-Pas, Boliviya
Boliviyaning La-Pas shahrida dunyodagi eng uzun Mi Teleférico kanatli osma yo‘li bor. U yirik La-Pasni uning yo‘ldosh shahri El-Alto bilan bog‘laydi. Gap shundaki, shaharlar orasidagi taxminan 12 kilometrni tashkil qiladigan yo‘l aylanma va relefi (past-balandligi) qiyinligi sabab u yerda har doim transport vositalari tig‘izligi kuzatiladi, shuning uchun ham osma yo‘l orqali ishga borib kelish ancha qulay.
Pnompen, Kambodja
Kambodja poytaxtida odamlar ishga borish yoki ma’lum bir yukni yetkazib berish uchun ko‘pincha unchalik zamonaviy bo‘lmagan paromda daryo bo‘ylab suzib o‘tadi.
Port-o-Prens, Gaiti
Gaiti poytaxti Port-o-Prensda maktab o‘quvchilari uchun jamoat transporti sifatida yuk mashinalaridan foydalaniladi. Bolalar yuk mashinadagi kabina haydovchisining yonida o‘tirib maktabga yetib borishadi.
Amsterdam, Niderlandiya
Gollandiya ehtimol eng “velosipedchi” mamlakatdir. Tasavvur qiling-a, bu yerda odamlardan ko‘ra velosiped ko‘p. Amsterdam va Gaaga kabi katta shaharlarda sayohatlarning 70-80 foizi velosipedda amalga oshiriladi. Bu yerda keng tarmoqli veloyo‘laklar shakllangan va ba’zi ko‘chalarda faqat velosipedda harakatlanish mumkin. Ishga borish uchun ham odamlar aynan ushbu transport turini tanlaydi.
Karachi, Pokiston
Pokistonda odamlar yo‘lovchilar ko‘paygan gavjum vaqtda manzilgacha nafaqat avtobuslarda, balki ularning tomida ham sayr qilishadi: aytgancha, tomdagi yo‘lkira, avtobus ichidagiga qaraganda arzonroq. Fotosuratdagi avtobus yorqin va quvnoq ko‘rinadi – gap shundaki, Pokistonda transport vositalarini bo‘yash juda ommabop.
Tokio, Yaponiya
Tokioda odamlarning shahar chetidan qatnab ishlashi juda oddiy hol. Yaponiya poytaxti metrosida tig‘iz soatlarda juda ko‘p yo‘lovchi bo‘ladi va stansiyalarda vagonlarga iloji boricha ko‘proq odamlarni sig‘dirish uchun hatto “shibbalab qo‘yuvchi” maxsus xodimlar turishadi.
Parij, Fransiya
Fransiyada samokat va skuterlar juda keng tarqalgan transport turi bo‘lib, bu yerda skuter “mingan” o‘qituvchi yoki bank xodimi hech kimni ajablantirmaydi. Darvoqe, bu transport vositasida ishga borish juda qulay va tez.
Kolombo, Shri-Lanka
Shri-Lankada ham poyezd vagoniga chiqish muammoli. Ishga kech qolmaslik uchun ko‘pchilik vagon zinapoyasida ham ketishga majbur bo‘ladi – odatda eshiklar yopilmaydi va poyezdlar sekin harakatlanadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.