Poytaxtdagi “16-shahar shifoxonasi”da koronavirusga chalingan bemor borligi haqidagi xabarlar yolg‘on
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan poytaxtimizdagi “16-shahar shifoxonasi”da koronavirusga chalingan bemorlar borligi haqidagi xabarlar asossiz va mutlaqo yolg‘on, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
Bu haqda kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ham vazirlik rahbariyati bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar ham O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilmaganini alohida e’tirof etdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, dunyodagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va uning oldini olish borasida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, nazorat kuchaytirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida 24 soat davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi shtab ish olib bormoqda. Ayni paytga qadar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biron bir holat aniqlanmadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor har bir fuqarodan noto‘g‘ri, vahimali va asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘raydi