Premera: Qalblarni junbushga keltirgan tazarru
Samarqand viloyat musiqali drama teatrida jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farmon Toshevning “Tazarru” asari asosida rejissyor G‘afur Mardonov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklning premerasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur asar farzandning qilmishi uchun qaddi bukilgan otaning iztirobi, yolg‘iz farzandning qilgan xatolari sabab ota-onasi, oilasi oldida tazarrusi haqida. Rejissyor bejiz bu asarni sahnalashtirmadi. Unda bugungi kunda yoshlarimizning oilasi, ota-onasi oldida burchlarini unutayotgani, boylik, amal ortida qilinayotgan xiyonat, xudbin farzandning qilmishlari yoritilgan.
Spektakl tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.
Asar premerasida viloyat jamoatchiligi vakillari, ziyolilar ishtirok etdi. Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, hokim yordamchisi N.Ibragimov, asar muallifi F.Toshev, rejissyor G‘.Mardonov va bir necha tomoshabinlar spektakl mohiyati, uning bugungi kun uchun qimmati va muhimligini ta’kidladi.
Endi bevosita spektaklda aks etgan voqealar, uning yaratilishi, ijrosi haqida to‘xtalsak.
Farzandga martaba emas, imon so‘rang
Farzand dunyoga kelar ekan har bir ota-ona, avvalo, uning jamiyatimizga foydasi tegadigan, iymonli, solih farzand bo‘lib voyaga yetishini tilaydi. Umidjon tug‘ilganda ham Sirojiddin ota o‘n ikki yil orziqib kutgan farzandini kelajakda yetuk, martabali inson bo‘lib kamol topishini niyat qiladi. Uni asrab-avaylab voyaga yetkazadi, o‘qitadi. Ammo nomaqbul farzand pul topib, obro‘ga erishgach, yonidagi razil niyatli o‘rtog‘ining hiyla-nayrangiga uchib, mansabidan foydalanib, jamiyatga, oilasiga, ota-onasiga xiyonat qiladi. Vaqtini tungi klublarda, maishat, ichkilikbozlik bilan o‘tkazayotgan o‘g‘il avtohalokatga uchraydi. Qamalishdan, mansabidan, do‘stlaridan, kunlik maishatidan ajralib qolishni istamay o‘z jinoyatiga otasi bo‘yniga qo‘ymoqchi, uning ortiga bekinmoqchi bo‘ladi. Iymonli ota, nobakor o‘g‘li uchun yolg‘on gapirishga majbur bo‘lib, barcha jinoyatlarni bo‘yniga oladi. Spektaklning kulminatsiyasi ham shunda. Biz hayotda qoqilsak darrov otamizni esga olamiz, uning ko‘magiga muhtoj bo‘lamiz. Umid ham o‘z qilmishlarini yashirishda begunoh, 40 yil mahalla bolalariga ma’rifat ulashgan, imon-e’tiqodli otasining yelkasiga yuklaydi. Bu isnodni, og‘ir yukni ko‘tara olmagan Sirojiddin ota vafot etadi. Turmush o‘rtog‘i bilan so‘nggi bor suhbatida bir jumlani tilga oladi: “Qayerda xato qildim, farzandimda doim sog‘lik tiladim, umr tiladim, martaba tiladim, ammo imon so‘ramadim”.
Sirojiddin ota o‘tgan umrini xayolidan o‘tkazar ekan farzand tarbiyasida qachon adashganini o‘ylaydi. Umid qilgan xatolarini tushunib, tazarru qilganida, afsuski, kech bo‘ladi. Otasining so‘nggi so‘zini eshitolmaydi. Achinarlisi, mehriboni bu dunyoni tark etgandi. Spektaklning aytar so‘zi ham shu yerda. Oilamiz, hayotimiz ustuni bo‘lgan ota-onalarimizni qadriga yetish, ularning roziligini olish.
Spektaklda rollarni asosan yoshlar ijro etdi
Spektaklni tomosha qilar ekansiz undagi rollarni yosh, iste’dodli aktyorlar ijro etganiga guvoh bo‘lasiz. Bu bejiz emas. Shu o‘rinda rejissyorning mahorati ham ularning xarakteridan foydalana olganligi spektaklning muvaffaqiyatini ta’minlagan, desam adashmayman. Ota, ona, farzand, kelin obrazlari o‘ziga xos xarakterga ega. Ularni aktyorlar shunday ijro etdiki, tomoshabin ular bilan birga kuldi, birga yig‘ladi. Ularning dardiga, qayg‘usiga sherik bo‘ldi.
- Sirojiddin ota fojiasi, afsuski, bugun hayotimizda ko‘p uchraydigan holat bo‘lib qoldi, - deydi aktyor Mashrab Bekmurodov. – Ota obrazini gavdalantirar ekanman, uning farzandi tug‘ilgandagi quvonchini, uning erishayotgan yutuqlaridan sarmastligini, shu bilan birga farzandi sabab gunohga qo‘l urib, qaddi bukilganidagi iztirobini qalban his qildim. Va men uchun og‘ir sahna ko‘rinishi ne-ne umidlar bilan o‘stirgan, tarbiya bergan farzandi o‘z aybini yashirish maqsadida otasidan foydalanish sahnasi bo‘ldi. Otaning ahvoli, qalbidagi kechinmalarni tomoshabinga yetkazib berishga harakat qildim. Baribir qilgan har bir gunohimizni Alloh kuzatib turibdi.
Imon-e’tiqodli Sirojiddin ota ham jamiyat oldida farzandining jinoyatini bo‘yniga oldi, Yaratgan oldida bu ishni qila olmadi. Uning e’tiqodi ham shunda edi. Tomoshabin spektaklni ko‘rar ekan, farzand istagida oilaning sabr-bardoshi, kelinning qaynonasi oldida andishasini, yelkadosh chol-kampirning bir-birini avaylashini, xudbin farzand kirdikorlarini ko‘radi.
Umidjon – zamonaviy padarkush timsoli
Spektaklni yosh, mahoratli rejissyor G‘ofur Mardonov qisqa fursatda sahnalashtirib, tomoshabinlarga tuhfa etdi. Zaldagi tomoshabin nigohidagi iztirob, ko‘zlaridagi yoshni sahnalashtiruvchi rejissyorning samarali mehnati mevasi deyish mumkin.
- Asar bejiz "Tazarru" deb nomlanmagan. Sababi, bu so‘z so‘nggi vaqtlarda o‘z mohiyatini yo‘qotayotgandek, - deydi rejissyor G‘ofur Mardonov. – Tomoshabinlarga bu so‘z mohiyatini spektaklimiz orqali yodga solish, yoshlarimizni gunoh ish qilishdan, jinoyat sodir etishdan asrashni maqsad qilganmiz. Bu asarni zamonaviy padarkushlik, desak adashmayman. Farzand o‘z manfaatlari yo‘lida otasining qotiliga aylandi. Dastlab muallif Farmon Toshevning hikoyasini qo‘lga olar ekanman, aynan shu jihat qalbimni larzaga soldi. Va ijodiy jamoamiz bilan birga uni ikki pardali, 8 ko‘rinishli drama shakliga keltirdik. Jamoamizda asosan yoshlar ishladi. Musiqa, dekoratsiyalar, ijro ham o‘ziga xos bo‘ldi. Asarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan jamoaning hamfikrlikda ishlashiga bog‘liq. Teatr jamoasi bilan ilk bor ishlayotgan bo‘lsam ham aktyorlar bilan bir-birimizni juda tez tushundik. Va mana shunday ta’sirli asar yaratilishiga sabab bo‘ldi.
Yosh rassom Ilhom Rustamovning dekoratsiyasida ham o‘ziga xos yechim bor. Asar boshida Umid o‘n ikki yil Sirojiddin ota oilasida kutilganligi aytib o‘tiladi. Sahnadagi beshik mana shu sabr-bardoshning mevasi. Momolarimiz beshikka bolaning to‘g‘ri o‘sishi uchun solishadi. Umidning xiyonatida esa beshikka darz ketiladi. Rassomning mahorati ham shunda. Farzandning beshikka xiyonati, to‘g‘rilikdan voz kechgani.
“Afsuski, teatrlarimizda mahoratli rassomlarimiz kam. Dekoratsiya chizib, ikkita shermani almashtirib turish rassom ishi degani emas. Rassom spektakl kulminatsiyasini chizmalarida ifodalashi kerak. Hamohanglik tomoshabin nuqtai nazarini spektakldan bir daqiqa ham qochirmaydi”, deydi yosh rassom.
Teatr - hayotimiz ko‘zgusi. Bu ko‘zguda biz o‘zimizni-da ko‘rishimiz mumkin. Spektaklda ham jamiyatimizning ayrim illatlari sahnalashtirilganki, bundan yoshlarimiz ibrat olsa arziydi. Ayniqsa, Umidning tazarrusi tomoshabinlarning qalbini junbushga keltirgani shubhasiz.
Nasiba Jonto‘rayeva.