Prezident fikrlarini xalqimizga sodda tilda yetkazish zarur
Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari qirqinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan sessiyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga javoblari asosida tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” nomli suhbatning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat Kengashi deputatlari – R.Xolmurodov, F.Toshev, shuningdek, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayev va boshqalar mazkur intervyuda bayon etilgan fikrlar va uni keng xalq ommasiga yetkazishda deputatlar, faollar oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdilar.
– Davlatimiz rahbari ushbu intervyu orqali O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlar mohiyatini, o‘z xalqi va Vataniga bo‘lgan muhabbatini, imkoniyatlar salohiyatini, amaliy ishlar jarayonini juda xalqona va samimiy tarzda ifodalagan, – dedi E.Turdimov. – Shuningdek, bugungi kun talabidan kelib chiqib oldimizda turgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Buni har bir yurtdoshimiz yurakdan his qilib o‘qishi, xulosa chiqarishi va zimmasidagi vazifalarni bajarishga astoydil kirishmog‘i lozim. Bunda deputatlarimiz, rahbarlar faol bo‘lishi, xalqimizga namuna bo‘lib, suhbatda bayon etilgan fikrlarni puxta anglashi va uni odamlarga tushuntirishi zarur.