Prokuratura juda jiddiy tashkilot: Bu ularga murojaatga javob bermaslik huquqini beradimi?
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunni eshitgandirsiz.
O‘sha qonunning 28-moddasiga ko‘ra, davlat organi yoki ularning mansabdor shaxsi o‘ziga kelgan murojaatni o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqishi shart. Qo‘shimcha o‘rganish yoki tekshirish zarur bo‘lib qolsa, muddat bir oygacha cho‘zilishi mumkin. Ammo bu haqda murojaat etuvchi ogoh qilinishi kerak.
Aytaylik, belgilangan vaqt ichida asossiz ravishda ko‘rib chiqilmadi. U holda nima bo‘ladi?
Qonunning 38-moddasiga qaraymiz. Bunday harakat(sizlik) tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi, deb qayd etilgan. Keling, yanayam aniqlashtiramiz. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasiga ko‘ra, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarini buzish eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi. Agar o‘sha o‘zibo‘larchilik ortida shaxslarning huquq-erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetsa, Jinoyat kodeksining 144-moddasi “ishga tushadi”. Bu eng kam ish haqining yigirma besh baravarigacha jarima, uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari naqd, degani!
Endi bir gap. Qonun hujjatlariga og‘ishmay amal qilinishini prokuratura tizimi nazorat qiladi. To‘g‘rimi?
Olaylik, kimdir murojaatimizga o‘z vaqtida javob qaytarmadi. Prokuraturaga shikoyat qilish kerak. Ular tekshirib, jazo tayinlash uchun sudga yuboradi. Xo‘sh, qonunda aks etgan tartibni prokuraturaning o‘zi buzsa-chi?
“Jomboy tongi” gazetasining joriy yil 11-sonida “Muallimning qadri oshdi(mi?)” sarlavhali maqola chop etilgandi. Unda tumandagi 51-umumta’lim maktabining bir guruh o‘qituvchilari tomonidan tahririyatga qilingan murojaat va shu asosda o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv yoritilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay tuman xalq ta’limi bo‘limi maqolaga munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, masala mutasaddi vakillar ishtirokida o‘rganilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan Jomboy tuman prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.
2019 yilning 2 aprel kuni ish natijalarini matbuotda shaffof yoritilishini so‘rab tuman prokuraturasiga xat yubordik. Mana, oradan 48 kun (!) o‘tdi. Tahririyatga na javob, na izoh taqdim etildi. Qonunlar me’yorda ishlashini nazorat qiladigan tashkilot qonunni buzsa, kimga murojaat etish kerak?