Qadimgi Rimdan belgilangan kungacha: 8 mart haqida qiziqarli ma’lumotlar

1975 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi 8 martni ayollar hayotining barcha sohalarida erishgan yutuqlarini nishonlash va tengsizlik qoldiqlariga qarshi norozilik bildirish kuni deb e’lon qildi.

Hatto qadimgi Rimda ham ayollar bayrami nishonlangan. Shu kuni ozod ayollar o‘z yaqinlaridan sovg‘a olishgan, cho‘rilar uchun esa dam olish kuni e’lon qilingan.

Singlingiz, onangiz, buvingiz yoki turmush o‘rtog‘ingizni “Oltinim” deb ataganmisiz? Mabodo shunday qilgan bo‘lsangiz, siz hech ham bo‘rttirmagansiz. Aniqlanishicha, har bir inson tanasida bu qimmatbaho metallning ozgina qismi mavjud. Ayollarda bo‘lgan oltin esa erkaklar tanasida bo‘lganiga qaraganda 5-6 barobar ziyodroq ekan.

Ayollar hidlarni erkaklarga nisbatan yaxshi ajrata biladilar. Ajablanarlisi, dunyodagi barcha atir-upa ishlab chiqaruvchilarning 80 foizi erkaklardir.

8 mart haqidagi qiziqarli ma’lumotlar orasida insoniyatning kuchli vakillari (erkaklar)dan kam emasligini tasdiqlab, katta ishlarga qo‘l urishga qo‘rqmagan xonim haqida ma’lumot bor. 1910 yilning shu kunida fransiyalik Eliz de Larosh aeroplan boshqarish uchun litsenziya olgan birinchi uchuvchi ayol bo‘ldi.

Barcha yoshdagi erkaklar ushbu sanaga oldindan tayyorgarlik ko‘rishadi, bu sir emas, albatta. Xo‘sh, istisnosiz hamma ayollarga yoqadigan universal sovg‘a bormikan? Ijtimoiy so‘rovlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, ayollar xotin-qizlar kunidagi eng yaxshi sovg‘a deb gullarni bilishadi. Ulardan eng mashhurlari:

Lolalar

Reytingning shubhasiz yetakchilari. Bahor bayrami arafasida Gollandiyadan bu muloyim, quvnoq, nozik o‘simliklarning yetkazib berilishi 5-6 barobarga oshadi.

Mimoza

Yumshoq sariq mo‘’jiza – bahor, quyosh va nozik ayol go‘zalligi ramzi. Ishonavering, hech bir xonim bu gullarning bir dastasini bachkanalik deb hisoblamaydi.

Xullas, ushbu kunda do‘konlarda atirgullar, nargis, za’faron va boshqa ko‘plab gullar erkaklarga muntazir.

Ayollar sharafiga

Hurmatli erkaklar, 8 mart kuni barcha tashvishlarni orqaga surib, ularsiz hayot imkonsiz bo‘lgan ayollarga e’tibor qiling. Sovg‘a sifatida tansiq taomlar tayyorlab, ularni erkalashingiz mumkin.

Bayram dasturxoningiz yanada qiziqarli o‘tishi uchun yana 5 ta bayram hazili:

• Albatta, uylaning. Yaxshi xotin tushsa, baxtli bo‘lasiz, yomon xotin olsangiz faylasufga aylanasiz.
• Ayollar xunuk bo‘lmaydi, go‘zalligi kam uchraydigan ayollar bor.
• Erkaklar mantiqda o‘zgaruvchan – ayollar mantiqda doimiy emas.
• Ayol xitoy tilida yozilgan ochiq kitobga o‘xshaydi, go‘yo hamma narsa aniq va chiroyli bezalgan, lekin o‘qib bo‘lmaydi va mutlaqo tushunarsiz...
• Matematik mantiq bir yil o‘rganiladi, ayol mantig‘i esa butun umr.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.