Qanday kasallikka chalingan bolalar onlayn ta’lim olgani ma’qul?
Bu holatda bolaning salomatlik ko‘rsatkichlariga e’tibor beriladi. Bu ko‘rsatkichlar 5 ta guruhga bo‘linadi.
1-guruh. Bunga surunkali kasalliklarga chalinmagan, tekshirish paytida biron-bir kasallik aniqlanmagan va o‘z yoshiga muvofiq jismoniy hamda aqliy jihatdan rivojlangan sog‘lom bolalar kiradi.
2-guruh. Surunkali kasalligi bo‘lmagan, lekin ayrim morfofunksional nuqsonlari bo‘lgan hamda tez-tez (bir yilda 4 marta) dardga chalinib turadigan bolalardan tashkil topgan.
3-guruh. Surunkali kasalligi bor yoki kompensatsiya davrida patologik holati og‘ir bo‘lmagan bolalarni birlashtiradi.
4-guruh. Surunkali kasalliklari bor, subkompensatsiya davrida umumiy holati buzilgan, o‘zini yomon his eta boshlagan, o‘tkir yuqumli kasalliklardan so‘ng tuzalishi kechikkan bolalar.
5-guruh. Dekompensatsiya davrida bo‘lgan, og‘ir surunkali kasalliklarga chalingan, kamharakat, ta’lim muassasalariga qatnay olmaydigan nogiron bolalardan iborat.
Salomatlik guruhini aniqlashda bola salomatligi haqidagi ma’lumotlarni hisobga olish zarur.
Qoidaga muvofiq, 1-, 2-guruhdagi bolalar umumta’lim muassasalariga qatnaydi.
Onlayn ta’lim olish asosan 3-, 4-, 5 -guruhdagi surunkali kasalliklari bor, ushbu kasalliklarning zo‘riqish davri aniqlangan bolalarga tavsiya etiladi.
Bu haqda Cog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova ma’lumot berdi.