Samarqandning barcha tuman va shaharlaridagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etildi
Viloyat bozorlar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, 23 dekabrgacha viloyatdagi dehqon va fermerlar, savdo tayyorlov tashkilotlari tomonidan yarmarkalarda 1917 tonna kartoshka, piyoz, sabzi, sabzavotlar, go‘sht, shakar, moy, guruch kabi asosiy turdagi mahsulotlar va 735 ming donadan ortiq tuxum arzon narxda sotilgan.
Jumladan, “Siyob dehqon bozori”da Urgut, Bulung‘ur va Samarqand tumanlari dehqonlari o‘zlari yetishtirgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, “Afrosiyob parranda”, “Maroqand parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari parhez go‘sht va tuxum savdosini tashkil etgan. “Siyob dehqon bozori”ga qarashli tayyorlov tashkiloti go‘sht, guruch, dukkakli mahsulotlar, savdo tashkilotlari spirtli va salqin ichimliklarni xaridorlarga taqdim etmoqda. Bu yerda mol go‘shti kilogrami 55 ming so‘mdan, qo‘y go‘shti 58 ming so‘mdan va parranda go‘shti 22 ming so‘mdan, tuxum donasi 900 so‘mdan sotilmoqda. Boshqa mahsulotlar ham bozordagidan arzon narxda savdoga chiqarilgan. Bozor ma’muriyati tomonidan yarmarka ishtirokchilariga 325 ta savdo nuqtasi ajratilgan va 26 xil mahsulot keltirilishi belgilangan bo‘lsa, tadbirkorlarimiz 70 turdan ortiq mahsulotni savdoga chiqargan.
“Temiryo‘l dehqon bozori”da Oqdaryo, Past Darg‘om, Toyloq tumanlari dehqonlari uchun 60 ta savdo nuqtasi hozirlangan. Bundan tashqari, ishlab chiqarish va savdo korxonalari tomonidan yog‘, kolbasa va go‘sht mahsulotlari, konserva, spirtli va salqin ichimliklar bozordan ancha arzon narxda savdoga chiqarilgan.
- Bozordan go‘sht, meva va ro‘zg‘orga kerakli mahsulotlar oldim, - deydi xaridor Zulfiya Damirova. – Mol go‘shti kilogrami 50-55 ming so‘mdan, qo‘y go‘shti 58 ming so‘mdan sotilyapti. Sifati ham yaxshi.
Koronavirus tahdidi butunlay bartaraf etilmagan va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash muhim hisoblanib turgan paytda bozorlarda birorta sanitariya xodimini qidirib ham topolmadik. Bundan tashqari, yarmarkalarda terminallar yo‘q. To‘g‘ri, mablag‘ni naqdashtirish avvalgidek muammo bo‘lmagan paytda bu unchalik jiddiy masala emas. Lekin bozor mas’ullarining aytishicha, “Siyob dehqon bozori”ga biriktirilgan “Agrobank”, “Temiryo‘l dehqon bozori”ga biriktirilgan Xalq banki vakillari biror marotaba ham yarmarkaga kelmagan va terminallar bilan ham qiziqmagan ekan.
O‘.Xudoyberdiyev,
B.Mustanov (foto).