Qidiruvdagi shaxs Rossiyadan topildi va alimentdan qarzini to‘ladi
Uzoq muddat aliment to‘lamagani uchun xalqaro qidiruvga berilgan qarzdor B.T. Rossiya Federatsiyasining Samara viloyati Tolyatti shahridan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan topilib va yashash joyiga keltirilgan.
Bu haqda zarnews’ga Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi inspektori Firdavs Mahmudov xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2013 yil 21 yanvardagi qaroriga asosan qarzdor B.T.dan undiruvchi Yu.T.ning foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Shunga asosan byuroning Narpay tuman bo‘limi tomonidan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va barcha mol-mulklariga ta’qiq qo‘yilgan.
Ammo qarzdor uzoq vaqtdan buyon aliment pullarini to‘lamagani sababli, unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan bo‘lgan. Qaytarib kelingan fuqaro barcha qarzlarini to‘lab bergan.