Qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arishda eng past ko‘rsatkich Samarqand shahrida

Samarqand viloyatida joriy yil qish va bahor mavsumi uchun 76 ming tonna, jumladan 40 ming tonna kartoshka, 17 ming tonna piyoz, 12 ming tonna sabzi va 7 ming tonna guruch jamg‘arish rejalashtirilgan.

Shundan 73,3 ming tonna (shundan 8,2 ming tonna ehtiyojmand oilalar uchun) hududiy tayyorlov korxonalari va tashkilotlar tomonidan, 2,7 ming tonna ijtimoiy soha muassasalari uchun (maktabgacha ta’lim muassasalariga 2,1 ming tonna, sog‘liqni saqlash tizimiga 409 tonna, xalq ta’limi muassasalari uchun 188 tonna) jamg‘ariladi.

Bugun viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi apparat yig‘ilishida qayd etilishicha, 12 oktyabr holatiga 14 ming 531 tonna mahsulot jamg‘arilgan. Reja ijrosi viloyatda 20 foiz bo‘lgan bir vaqtda Samarqand shahrida 7 foiz, Qo‘shrabot tumanida 9 foiz, Payariq tumanida 16 foizni tashkil etmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 20 oktyabrda piyoz zaxirasini to‘liq yakunlash lozim. Ammo ayrim hududlar viloyat ko‘rsatkichidan ortda qolmoqda.

Misol uchun, viloyat rejalashtirilgan piyozning 69 foiz zaxirasi yaratilgan bo‘lishiga qaramay, bu ko‘rsatkich Qo‘shrabot tumanida 21 foiz, Samarqand shahrida 30 foiz va Payariq tumanida 46 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, kartoshka, sabzi va guruchni zaxiraga jamg‘arish ishlari ham juda sust olib borilmoqda.

Mahsulotlarni zaxiraga jamg‘arish uchun tijorat banklari tomonidan 52,8 milliard so‘m kredit mablag‘lari talab etiladi. Bugungi kun holatiga 7 ta tijorat banki tomonidan 39 ta mijozga bor-yo‘g‘i 4 milliard 141 million so‘m kredit ajratilgan.

Jumladan, "Agrobank" viloyat filiali 13,9 milliard so‘m, Xalq banki 9,2 milliard so‘m, "Milliy bank" 5,3 milliard so‘m, "Sanoatqurilishbank" 4,7 milliard so‘m, "Mikrokreditbank" 4,6 milliard so‘m, "Asakabank" 2,1 milliard so‘m, "Savdogar" va "Trast bank"larda 2 milliard so‘mdan kredit ajratilmasdan turibdi.

Kutamiz, qayd qilingan hokimliklar va belgilangan tijorat banklari bu holatni nima bilan izohlashar ekan?