Qish eshik qoqyapti. Oqdaryoda esa ko‘p qavatli uylarning ta’miri hamon paysalga solinmoqda

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 5 sentyabrida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlash bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim, tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, shaharlar va shaharchalardagi aholi massivlarida uylarni ta’mirlash, tom va irrigatsiya tarmoqlarini yangilash bo‘yicha soha mas’ullariga bir qator vazifalar yuklatilgandi. Xo‘sh, berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan qanday ishlar olib borilmoqda? Joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari nechog‘li bajarilmoqda? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Oqdaryo tumanida bo‘ldik.

YaNGI TOMDAN SUV O‘TADI

Tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sa’dullayevning aytishicha, tumanda 20 ta ikki qavatli va 4 ta to‘rt qavatli uy-joy bor. 2016 yilda tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatish uchun 4 ta uy-joy mulkdorlari shirkati tuzilgan va 2017 yilda shirkatlar ta’mirga muhtoj uylarni ajratilgan kredit hisobidan ta’mirlagan.

Loyish shaharchasi Imom al-Buxoriy ko‘chasidagi 20 xonadondan iborat 7-uy 2017 yilda to‘liq ta’mirdan chiqarilgan. Ko‘p qavatli uylarning ta’mirlanishini o‘rganayotganimizni ko‘rgan xonadon sohiblari uydagi kamchiliklarni aytib ketishdi.

- Bilishimizcha, uyimizni ta’mirlash uchun 128 million so‘m kredit ajratilgan ekan, - deydi shu uyning 18-xonadonida yashovchi Muhabbat Berdiyeva. - Ammo 86 million so‘m mablag‘ hisobidan faqat tom yangidan qilindi, lekin tomga ishlatilgan yog‘och materiallari nihoyatda sifatsizligidan yaqinda yoqqan yomg‘irda uchta xonadonga tomdan suv o‘tdi.

O‘rnatilgan novlar ham chala qolib ketgan. Hojatxona uchun 42 million so‘m mablag‘ sarflanibdi. Shuncha pulga bitta hojatxona quriladimi? Uyimiz tomidagi ishlar chala qolib ketgach, tuman prokuraturasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildik. Ular qilingan ishlarni o‘rganib, bajarilmagan ish uchun olingan mablag‘ning bir qismini qaytarishdi. Bu yil esa boshqa mablag‘ hisobidan uyimizni ranglashdi, yo‘laklarni betonlashdi, 2 ta o‘rindiq o‘rnatishdi. Lekin quruvchilar ro‘paramizdagi 5-uyni yaxshi ta’mirlab, biznikini sifatsiz holda qoldirib ketishdi. Shirkat kreditni qoplash uchun xonadonlardan majburiy badal talab qiladi. Biz shirkat bilan shartnoma tuzmagan bo‘lsak, qolaversa, uyimiz ta’miri chala qolgan bo‘lsa, nima uchun shirkatga pul to‘lashimiz kerak?

SHIRKAT BOR, ISHCHI YO‘Q

Yuqorida aytganimizdek, 2016 yilda Loyish shaharchasidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish uchun "Oqdaryo yangilanish" va "Oqdaryo temir progress" uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashkil etilgan va yil boshidan buyon har ikkala shirkatga Erkin Mavlonov boshchilik qilmoqda ekan.

- Biz 240 dan ortiq xonadonga xizmat ko‘rsatamiz, - deydi E.Mavlonov. - Lekin shirkatimizda bitta ham ishchi yo‘q, rahbar ham, santexnik ham bir o‘zim. Zarur paytlarda xizmat haqi evaziga chetdan ishchi chaqiramiz. 2017 yilda shirkatlarga ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash, infratuzilmani yaxshilash uchun davlat tomonidan kredit ajratilgan, shu mablag‘ hisobidan uylarning tom qismi yangilangan. Lekin xonadon sohiblari uyning kvadrat metr maydoni uchun belgilangan 700 so‘mlik majburiy badal pulini shartnoma yo‘qligi tufayli to‘lamay kelmoqda. Avvalo, davlatdan olingan kreditni qaytarish muhim, qolaversa, odamlar pul to‘lamasa, tomning chala qolgan qismini qaysi mablag‘ hisobidan ta’mirlaymiz.

UYLAR OLDINI YaNADA OBOD QILISHNI REJALASHTIRGANMIZ, AMMO...

Uylar orasiga bolalar maydonchasi qurilgan, ammo kattagina yer qarovsiz qolib ketgan.

- Bu yerda 2020 yilda yana bitta bolalar maydonchasi, dam olish ayvoni qurish rejalashtirilgan, - deydi Ilhom Sa’dullayev. - Ammo xonadon sohiblari belgilangan majburiy badal pulini to‘lamayotgan bo‘lsa, bankdan olingan kreditni so‘ndirmasdan turib yana mablag‘ olish muammo bo‘lmoqda.   

Lolazor ko‘chasi 8-uyda esa vaziyat tamomila boshqacha. Uy boshqaruvchisi Inobat Nazarovaning aytishicha, 20 ta oila istiqomat qiladigan bu uy 1990 yilda qurilgan va ta’mirdan avval ichkarida kanalizatsiya, ichimlik suvi ham bo‘lmagan, hojatxona esa mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qurilgan.

- Dastlab "Oqdaryo Zarafshon quruvchi" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tasdiqlangan smeta asosida uyning tomini yangilash, sirtini ranglash va kirish yo‘laklariga temir eshik o‘rnatish uchun 111 million so‘m sarfladik, - deydi I.Nazarova. - Bu ishlar bajarilgach, ikkinchi bosqichda 86 million so‘m mablag‘ hisobidan hovlini betonlash, kanalizatsiya o‘rnatish belgilandi. Qurilish korxonasi bu ishlarning barchasini o‘z hisobidan sifatli qilib bajardi. Ammo bir yildan oshdiki, quruvchilar bankdan bajarilgan ishlar uchun 197 million so‘m xizmat haqini ololmaganligi uchun chala qolgan ta’mir ishlarini tugatisholmayapti. Quruvchilar mablag‘ini olsa, elektr tarmog‘ini yangilash, o‘rindiqlar o‘rnatish, avtomobillar uchun turarjoy qurish va boshqa kamchiliklarni bartaraf etishga va’da berishgan.

TOM ESKIRGAN, SUV CHIQIB KETISh YO‘LI QILINMAGAN

Zarafshon ko‘chasidagi 9-"A" uydamiz. Bu uyning tashqi qismi ranglangan, yo‘laklari betonlangan, ammo tom qismi butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan, buning ustiga ariq qilinganu, yomg‘ir suvlari chiqib ketish yo‘li yo‘q.

- Shaharchada tom qismi yangilanmagan uchta uy qoldi, - deydi shirkat raisi Erkin Mavlonov. - Shu uylar uchun smeta hujjatlari tayyorlandi, mablag‘ ajratilishi bilan quruvchilar ishni boshlashadi va yomg‘irli kunlargacha tomni yangilaymiz. Bu uyda suv muammosini bartaraf etish uchun alohida yangi suv nasosi o‘rnatdik, tuman "Suvoqova" tashkiloti sinovdan o‘tkazgach, doimiy suv berishni boshlaydi.

Yaqinda yoqqan yomg‘ir kommunal sohada kamchiliklarimiz ko‘pligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qish eshik qoqmoqda, joylarda esa ko‘p qavatli uylar ta’miri hamon paysalga solinmoqda. Vaholanki, shu paytgacha ko‘p qavatli uylarning tomini almashtirish, irrigatsiya tizimlarini mavsumga shay holga keltirish, kirish yo‘laklari va boshqa katta hajmdagi ishlar allaqachon yakunlangan bo‘lishi lozim edi.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).