Qishda nima bo‘ladi?

Hali qish boshlanmay turib, birinchi qordayoq kommunal xo‘jalik bilan bog‘liq bir qator muammo va kamchiliklar yuzaga chiqib turgan paytda shu savol hammani o‘ylantirishi tabiiy.

Negaki, keyingi uch kunda ijtimoiy tarmoqlarda, o‘zaro suhbatlarda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlar, yo‘llarning holati bo‘yicha e’tirozlar ko‘paygandan ko‘paydi. Mutasaddi idoralar, rahbarlarga ham bu boradagi murojaatlar bugun har qachongidan ko‘p.

Issiqlik ta’minoti haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Sababi, Samarqand shahridagi, shuningdek, boshqa tuman va shaharlardagi deyarli barcha ko‘p qavatli uylar markazlashgan isitish tizimidan uzilganiga bir necha yil bo‘ldi (keyingi yillarda yangi qurilgan, har bir xonadon alohida isitish tizimiga ega ko‘p qavatli uylarda bunday muammo yo‘q).

Shunday bo‘lgach, aholi xonadonini qanday isitadi? Albatta, elektr energiyasidan har qachongidan ko‘proq foydalanadi. Bunda ham to‘loviga chidasa. Chunki hozir yangi, zamonaviy elektr hisoblagichlardan foydalanish tizimiga o‘tilgach, avvalgidek “qo‘limga pul tushsa, to‘layman”, degan gap yo‘q. Tarmoqqa noqonuniy ulanib, o‘g‘rincha foydalanishga, hisoblagichni “orqaga aylantirish”ga barham berilgan. Xuddi boshqa iste’mol mahsuloti xarid qilganingizdek, ehtiyojingizga qarab pul to‘laysiz va elektr energiyasidan foydalanasiz. Aslida, iste’molchining asosiy e’tirozi ham shunda – “svet uchun pulni to‘lab qo‘yganman, nega uzluksiz yoqib qo‘yilmaydi?”.

Yaqinda Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasining yangi rahbari jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etib, tizimdagi yangiliklar, muammolar va vazifalar haqida ma’lumot bergandi. O‘sha muloqot chog‘ida yangi boshliq Samarqandda elektr energiyasi bilan bog‘liq ko‘p masalalar Toshkent orqali hal etilayotgani va ularning va’dalaridan kelib chiqib, bundan buyon viloyatda elektr energiyasida bir soatdan ortiq uzilish bo‘lmasligini aytgandi. Afsuski, yangi rahbarga berilgan va’daning haqiqatga qanchalik yaqinligi yoki yiroqligi keyingi kunlarda yaqqol namoyon bo‘ldi.

Darvoqe, press-turga elektr energiyasini magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berishga mas’ul hisoblangan milliy elektr tarmoqlari korxonasining viloyatdagi mutasaddisi ham taklif etilgan ekan. Mutasaddidan nima uchun viloyat ehtiyojiga yarasha elektr energiyasi yetkazib berilmayotgani va tarmoqda uzilishlar ko‘p bo‘layotgani haqida so‘raganimizda, u buni “aholining iste’mol madaniyati” bilan bog‘lab javob berishga urindi. Keyingi savollarga esa “bularga bosh muhandis kelib javob beradi”, degancha juftakni rostlagandi. Ammo o‘sha kuni na bosh muhandisdan va na boshqa mas’uldan darak bo‘lgandi.

Xullas, bugun elektr energiyasidagi uzilishlar shahar uchun ham, qishloq uchun ham muammoga aylandi. Bunga berilayotgan javob ham aniq – iste’mol oshib ketdi, tarmoqlar ko‘tarolmayapti, issiqlik stansiyasida avariya bo‘ldi...

Havo sovub ketgach, albatta, ehtiyoj ortadi-da. Buning ustiga, yuqorida qayd etganimizdek, tabiiy yoki suyultirilgan gaz yetkazib berish, issiq suv yoki issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq muammo bo‘lmasaki, hamma yuk elektr energiyasiga tushmasa?! Nega mavsumga tayyorgarlik chog‘ida bu jihatlar e’tiborga olinmaydi?

Endi gaz masalasida. Bugunga kelib aholi havo harorati pasayishi bilan gaz bosimi ham tushib ketishiga o‘rganib qoldi. Ko‘pchilik gazdan umidini uzib, imkon qadar, ko‘mir, o‘tin g‘amlashga odatlanyapti. Qishloqda, hovlida yashayotganlar uchun buning imkoni bor. Lekin ko‘p qavatli uylarda-chi? Bu xonadonlarda aholi noilojlikdan gaz plitasini yoqib (bor bo‘lsa, albatta) uyini isitishga majbur bo‘ladi. Natijada is gazidan zaharlanish, yong‘in kabi ko‘ngilsiz holatlar yuzaga keladi.

Kecha bir hamkasbimiz “gaz past, svet svetofor bo‘lib qoldi, beshinchi qavatdagi uyim muzxonaga aylanib boryapti. Bu ketishda qishni qishloqda o‘tkazaman shekilli. Har holda, uyda pechka, sandal qursa bo‘ladi”, dedi. Aytishicha, qishni shaharda o‘tkazasizlar, deb keksa ota-onasini uyiga olib kelgan ekan, vaziyatni ko‘rib, qishloqqa qaytib ketishibdi.

Kommunal sohadagi bugungi holatga, yuzaga kelayotgan muammolarga sabablar bisyor. Shu bilan birga har bir sohaning o‘zini oqlashiga yoki muammolarini tan olishiga ham omillar juda ko‘p. Lekin bugun aholini ayb kimda yoki qaysi tarmoqda ekanligi emas, muammolarning yechimi qiziqtiradi, qishda nima bo‘ladi, degan savol o‘ylantiradi. Umidimiz, qish ostonasidagi dastlabki sinov mutasaddilarni ham o‘ylantirayotgan, ular uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lsin-da!..

G‘olib HASANOV.