«Qishlog‘imdan ketmayman» yoki uy-joy qurish, yangicha yashashga munosabat xususida

Sirojiddin – tog‘amning o‘g‘li. Qishloqda yashaydi. Ingliz, turk tilini yaxshi biladi. Toshkentda o‘qidi, Turkiyada ishlayapti. Farzandlarining qulay sharoitlarga ega uy-joyda yashashini, zamonaviy maktablarda o‘qishini xohlaydi. Shuning uchun telefonda suhbatlashganimizda «Aka, Samarqand shahrining markazidan sotiladigan uy-joy bo‘lsa ayting, borganimdan olaman. Bolalar katta bo‘lyapti. Qachongacha qishloqda, qiyin sharoitda yashaymiz…», dedi. «Xo‘p, kelaver-chi, ko‘ramiz», deb qo‘ydim.

Unga bugun qishloqlar shahar bilan bo‘ylashayotgani, yaxshi turmush kechirish uchun hamma sharoitlar yaratilayotgani haqida aytmoqchi bo‘ldim-u «Ishonmasligi mumkin. Yaxshisi, o‘zi kelib ko‘rsin», dedim.

Uning ham gapida jon bor. Avvallari qishloqlarimiz ahvoli yaxshi emas, ayniqsa, qishda kun kechirish azob edi. Svet haftalab o‘chgan, tabiiy yoki ballonli gaz haqida gap bo‘lishi mumkin ham emas edi. Shahar bilan qishloq o‘rtasidagi tafovut go‘yoki yer bilan osmoncha, odamlarning dunyoqarashi, turmush tarzi ham shunga yarasha...

Keyingi yillarda qishloqlar qiyofasini ko‘rkam holga keltirish, infratuzilmasini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish davlatimizning asosiy e’tiboridagi vazifa bo‘lib qoldi. «Obod qishloq» dasturi qabul qilinib, qishloq aholisini uy-joy, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash, yo‘llarni asfalt qilish, joylarda xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini tashkil etish borasidagi ishlar ko‘lami kengaydi. Ushbu dastur doirasida birgina o‘tgan yilning o‘zida yurtimizdagi 368 ta, viloyatimizdagi 29 ta qishloq obod bo‘ldi. Masalan, bugun Nurobodning olis Jom qishlog‘i jamolini ko‘rgan, bu yerda qad rostlagan imoratlar, ravon yo‘llar, yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan kishi bu yerdan ketgisi kelmay qoladi.

Ayniqsa, namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilayotgani bois qishloqlar ko‘rki butunlay o‘zgardi. Tartibli qurilgan, zamonaviy dizayn va zarur infratuzilmaga ega uylar shahardagidan qolishmaydi.

– Asli qishloqdanmiz-u ishga joylashib, o‘n besh yil shaharda yashadik, - deydi jomboylik Bahodir Sa’diyev. – Ikki yil avval Oqdaryo tumanida namunaviy loyiha asosida qurilgan uy olib, ko‘chib keldik. Mana, hech kim bu yerni qishloq demaydi - yashash uchun hamma narsa muhayyo. Hovliga har xil mevali daraxt ko‘chatlari ekkanmiz. Bu yerdagi toza havoni aytmaysizmi?

Ana shunday barcha sharoitga ega uylar qurilayotganidan ruhlangan qishloq aholisining o‘zlari ham uy-joylarini loy g‘isht yoki paxsadan qilishdan voz kechyapti. Aksincha zamonaviy qurilish materiallaridan foydalangan holda yangicha uslubda quryapti. Quryaptigina emas, uylarda qulay kommunikatsiya tizimlarini ham barpo etyapti.

Darvoqe, qishda Sirojiddin Turkiyadan keldi. Bir hafta-o‘n kun o‘tib, qishloqqa bordim. Ko‘rishdik, suhbatlashdik.

- Nima qildik, shaharga borib, sotiladigan uylarni ko‘ramizmi, - deya so‘radim.

- Yo‘q, aka, qishlog‘imga kelib rejam o‘zgardi, - dedi qat’iy. – Qarang, yo‘llarga tosh to‘shalib, ancha yaxshilanibdi. Maktab – zamonaviy, keng, yorug‘. Qishlog‘imdan ketmayman. Shu yerdan uy quraman. Tanishingiz bo‘lsa, yaxshi arxitektor topishga yordam bering. Zamonaviy loyiha asosida baland, mustahkam poydevor quyib, pishiq g‘ishtdan uy ko‘taraman. Keng va shinam yerto‘la qilaman. Uyning ichiga issiq va sovuq suv, oqava suv tarmog‘i tortaman, nevaralaringiz uchun alohida darsxona, hammom, «otopleniya» qilaman. Men qurgan uy bir necha avlodimga xizmat qilsin...

- Mana bu gaping boshqacha bo‘ldi, - dedim xursand bo‘lib.

Akram HAYDAROV.