Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Organic va Global G.A.P xalqaro standartlari talabi darajasida tayyorlanadi
Prezidentimiz 2020 yil 18 may kuni “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.
Unga ko‘ra:
- respublikamizda organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;
- 2020-2025 yillarda qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlarida bosqichma-bosqich organik ishlab chiqarishga o‘tishning prognoz ko‘rsatkichlari;
- 2020-2025 yillarda maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti (Global G.A.P) xalqaro standarti talablari bo‘yicha sertifikatlanadigan yer maydonlarining asosiy eksportbop ekin turlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari;
- paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi korxonalari va klasterlari tomonidan organik paxta xomashyosi yetishtirish hamda organik to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
- respublika hududlarida agroekoturizm jozibadorligini yanada oshirish uchun organik bozorlar va restoranlar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti (Global G.A.P) doirasidagi barcha manfaatdor tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organ etib belgilandi. Unga quyidagi huquqlar berildi:
- barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, hokimliklar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va tadbirkorlardan organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti (Global G.A.P) doirasidagi zaruriy ma’lumotlarni olish;
- organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, sotish va sertifikatlash bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’yektlari faoliyatining ekvivalentligini baholash va avtorizatsiyalash tizimini yaratish.
Endilikda organik qishloq xo‘jaligiga o‘tkazilgan yer uchastkalarida ekinlarni joylashtirish organik standart talablarini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan almashlab ekish sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda ekinlarni joylashtirishda davlat aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar belgilandi:
- 2020 yil 1 oktyabrga qadar “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi;
- Toshkent davlat agrar universitetida “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash” yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi. Ushbu yo‘nalishda talabalar qabul qilish 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasida organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etiladi;
- 2021 yil 1 yanvarga qadar qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida mavjud laboratoriyalar zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlanadi va birlamchi organik urug‘ yetishtiruvchi xo‘jaliklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- 2020 yil 31 dekabrga qadar “Qishloq xo‘jaligida standartlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi qoshida Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq kompleks sinov laboratoriyasi majmuasini tashkil etish choralari ko‘riladi.