Samarqandda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini jamg‘arish kechga qolyapti

Kuz-qish mavsumida aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash uchun zaxira yaratish eng dolzarb masalalardan biri. Respublika ishchi guruhi bu masala bilan ham jiddiy shug‘ullandi.

Joriy mavsumda Samarqand viloyati aholisini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 1285 tonna kartoshka, 922 tonna piyoz, 506 tonna sabzi, 315 tonna karam, 1556 tonna guruch hamda 90 tonna dukkakli don mahsulotlari jamg‘arish rejalashtirilgan.

2020-2021 yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratishga doir dasturga binoan tijorat banklari tomonidan 119 nafar loyiha tashabbuskoriga 33,9 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilgan. Ularning moliyaviy holati o‘rganilganda loyiha tashabbuskorlarining 32 nafari o‘z mablag‘lari, ya’ni 9,4 milliard so‘m hisobidan amalga oshirishi ma’lum bo‘lgan. Dasturda 8 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan 26 nafar mijoz tomonidan loyihani amalga oshirish rad etilgan. 7 nafar mijozning tijorat binklaridan 2,3 milliard so‘m miqdoridagi kredit qarzdorliklari mavjud.  Shuningdek, dasturda 393 million so‘m miqdorida kredit ajratish ko‘zda tutilgan 2 nafar tadbirkorning faoliyati tugatilgan.

Viloyatda 50 nafar tadbirkorga 13,4 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda mahsulotlarni g‘amlash ishlari boshlanmaganligi sababli bu ishlar ham kechga qolmoqda. Respublika ishchi guruhi tomonidan sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.