2020 yil aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 8,9 million so‘mni tashkil etdi

Keyingi besh yilda qishloq xo‘jaligi sohasida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Xususan, yangicha yondashuv asosida Samarqand viloyatida paxta-to‘qimachilik yo‘nalishida 10 ta, meva-sabzavotchilik bo‘yicha 13 ta va boshqa yo‘nalishlarda 21 ta klasterlar tashkil etildi.

Ushbu klasterlarga 164,4 ming gektar yer maydoni biriktirib berildi. Buning samarasi sifatida 2020 yil aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 8,9 million so‘mni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 2,7 million so‘mga ko‘paydi. Ya’ni, 2020 yilda 33,6 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu yalpi xududiy mahsulotning 47 foizini tashkil etdi. Respublika qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishida viloyat ulushi 28 foizdan ortiq bo‘ldi.

O‘tgan vaqt davomida viloyatda bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik yo‘nalishlarida yuzlab yirik loyihalar amalga oshirildi. Birgina Jomboy tumanidagi “SAG Agro” MChJ tomonidan 1,4 ming gektar maydonda intensiv yong‘oqzor tashkil etildi. Bugun bu yerda yiliga 9 ming tonna yong‘oq yetishtirilmoqda.

“Pure milky products” fermer xo‘jaligi tomonidan Oqdaryo tumanida 2430 bosh, Jomboy tumanida 2000 bosh naslli chorva mollariga ega chorvachilik kompleksi tashkil etildi.

Oqdaryo tumanidagi «Zarafshon-lohmann-parranda» MChJ tomonidan quvvati 550 ming bosh parrandachilik xo‘jaligi tashkil etilib, yiliga 114 mln. dona tuxum, 200 tonna go‘sht, 3,5 mln. dona bir kunlik, 400 ming bosh 90 kunlik jo‘ja yetishtirilmoqda.