Qizining “qotil”iga aylangan ota. Sud unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi
Albatta, aslida jabrlanuvchi, lekin qonuniy jihatdan olganda aybdor bo‘lgan otaning holati achinarli. Ammo ayni damda bu ko‘pchilik, deyarli hamma uchun ibratli bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Negaki, farzand dog‘i oson emas. Kamiga pushtikamaridan bo‘lgan bolasini o‘zi halok qilsa.
... O‘sha kuni Aziz mashinasiga yoqilg‘i quyish maqsadida ko‘chaga chiqayotgandi. Dam olish kuni, biryo‘la farzandlarini ham aylantirib kelish uchun ularni mashinaga chiqarib oldi. Bolalar onasi bilan orqa o‘rindiqqa joylashdi. Ular dadasi mashinasida aylantirib kelishini bilgach, xursandligidan bir-birini o‘ynab turtkilar, kulishar, ayniqsa, qizlarning eng kichigi Madina xursandligidan chuchuk tilda ularga tinmay savol berardi:
- Yostdan ham aylanishga oboyayapsizmi, dadajon?
- Ha aylanishga, senga nima olib beray, qizim, - dedi Aziz ham uning shirin gapirishidan zavqlanib.
- Avval opamlay aytsin, men o‘ylab olay, do‘konga yetkanimizda aytaman, -deya erkalandi u.
- Xo‘p, - dedi dadasi ham uning ra’yiga qarab.
Ular mashinaga yoqilg‘i quyganidan so‘ng, katta yo‘lga chiqib oldi.
Bolalar endi kim nima olmoqchi ekani haqida bir-birlari bilan bahslashar edi. Madina ularning beozor janjaliga aralashmas, mashina oynasidan atrofni tomosha qilar, ba’zan o‘zi ko‘rib, hayratlangan narsalarni gap talashayotgan opalariga ham ko‘rsatishga urinardi. Ammo eng muhimi nima olishini manzilga yetguncha dadasiga aytishi kerak edi. U ko‘proq shu haqda o‘ylardi.
Aziz kech bo‘layotganini ko‘rib shoshayotgandi. Uyga borib ham qiladigan ishlari ko‘p. Mashinaning tezligini biroz oshirdi. Ammo oldinda tirkamali yuk mashinasi bir me’yorda ketardi. "Bu ketishda qachon yetib borish mumkin", o‘yladi u. Mashinaning tezligini oshirdi-da yo‘lning birinchi qatoriga chiqmoqchi bo‘ldi. Ammo chap yonidan katta tezlikda kelayotgan mashinani ko‘rdi-yu birdan fikridan qaytdi va endi rulni o‘ngga burib, mashinani avval kelayotgan qatorga qaytardi. Biroq u tezlikni pasaytirmagan, boyadan beri bir xil tezlikda kelayotgan tirkamali yuk mashinasi hali uning yonginasida edi. U xatoga yo‘l qo‘yganini bildi-yu tormozni bosdi. Ammo endi kech...
Mashina katta tezlikda tirkama ostiga kirib ketdi...
Yon-atrofdan kishilar yordamga shoshildi. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan xotini va ikkala katta qizi biroz jarohat olgan, kichkina Madinaning ahvoli og‘ir edi. Aziz qo‘rqib ketdi. Zudlik bilan yo‘lovchi mashinada shifoxonaga olib bordi.
Shifokorlar imkon darajasida muolaja qildi, uni saqlab qolishga harakat qildi. Afsuski, bir necha kungi og‘riqdan so‘ng orzulari bisyor jajji qizaloq bu yorug‘ olamni tark etdi. U nima olishni o‘ylab qo‘ygandi. Ammo dadasiga aytishga ulgurmadi...
Sudda da’vogarning ham, javobgarning ham dardi, istagi bir edi. Qani endi shu falokat sodir bo‘lmasa, Madina boshqa qizlari qatorida ularning bag‘rida o‘ynab-kulib yursa. Ammo bir soniyalik ehtiyotsizlik, shoshqaloqlik Azizni bir umrlik nadomat iskanjasida qoldirdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tumani sudi sud majlisida o‘z farzandining “qotili” – Azizning qilmishi atroflicha muhokama qilinib, unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sulaymon Mardiyev.